Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:04

Diktorning o‘limi haqida ma’lumot sizdirganlar tekshirilmoqda


Abdumo‘min O‘tbosarov o‘qib eshittirgan prezident tabrigi efirga berilgan paytda u allaqachon vafot etgan bo‘lgan, demoqda manbalar.
Abdumo‘min O‘tbosarov o‘qib eshittirgan prezident tabrigi efirga berilgan paytda u allaqachon vafot etgan bo‘lgan, demoqda manbalar.

O‘zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo‘min O‘tbosarovning o‘limidan oldin MTRK raisi bilan nizolashgani va u o‘qigan prezident tabrigi uning vafotidan so‘ng berilgani haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekiston Davlat televideniesida xizmat surishtiruvi boshlangan.

Milliy teleradiokompaniyadagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ faqat tor doira bilgan bu ma’lumotlarning kim tomonidan Internet nashrlariga sizdirilgani tekshirilmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli diktor Abdumo‘min O‘tbosarov 31 dekabr kuni 56 yoshida vafot etgan va 1 yanvar kuni tuproqqa qo‘yilgan edi.

O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi bir qancha Internet nashrlari diktor Abdumo‘min O‘tbosarov MTRK raisi dashnomiga chiday olmasdan infarkt bo‘lgani va O‘zbekiston telekanallarida prezident tabrigi o‘qilgan paytda suxandonning o‘zi o‘lik bo‘lgani haqidagi tafsilotni yozgan edi.

MTRKdagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ bu tafsilotning matbuotga sizishidan O‘zbekiston Davlat televideniesi rahbariyati g‘azabga kelgan:

- Majlis bo‘ldi. Rejim bo‘limi (Ichki xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi) kattasi chiqib, TV ichidagi ma’lumotlarning tashqariga sizish holatini qattiq tanqid qildi. Keyin barchaga topshiriq berildi. Bu topshiriqqa ko‘ra, TVda ishlayotgan diktorlar o‘zlariga nisbatan rahbarlarning xushmuomala ekani haqida kerakli odamlarga aytishlari lozim. Bundan tashqari diktor Abdumo‘min O‘tbosarovning 31 dekabr emas balki 1 yanvar kuni olamdan o‘tgani uqtirildi. Eng muhimi, Abdumo‘min O‘tbosarovning hamkasblari uning o‘limi yuzasidan mish-mish tarqatganlarni keskin tanqid qilishlari zarurligi ta’kidlandi,- deydi Ozodlik manbasi.

Uning aytishicha¸ Abdumo‘min O‘tbosarovning MTRK raisi bilan nizosiga bevosita guvoh bo‘lgan kotiba¸ yordamchi va hamshiralar bilan alohida suhbat qilingan.

- Marhum Abdumo‘min akaning olamdan o‘tgani to‘g‘risida o‘zining Feysbuk sahifasida ma’lum qilgan Muslimbek Yo‘ldoshev ham gap eshitdi. Idora ichkarisidagi gaplarni ijtimoiy tarmoqqa tarqatish korporativ etikaga zid va ayni paytda davlat manfaatlariga zarar keltiruvchi ekani u kishiga rejim rahbari tarafidan yaxshilab tushutirildi¸- deydi manba.

Bu majlisdan so‘ng Abdumo‘min O‘tbosarovning hamkasblari uning o‘limi tafsiloti bo‘yicha mish-mish tarqatganlarni O‘zbekistondagi hukumatga yaqin saytlarda keskin tanqid qilib chiqishdi.

Diktorning sirli o‘limi haqidagi xabarni ilk tarqatgan hamkasbi Muslimbek Yo‘ldoshev kun.uz saytida Abdumo‘min O‘tbosarovning o‘limi borasidagi gaplarni inkor qilib chiqdi:

“Bularning barchasi mish-mish, sizga ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston televideniesi suxandonlariga, xususan, men ishlagan vaqtimda safdoshlarimga biror lavozimli odam hech qachon baqirmagan, do‘q qilmagan, biror narsaga tazyiq o‘tkazmagan. Aksincha, ularga alohida munosabatda bo‘lib, mehr bilan gapirishar edi. O‘ylamaymanki, Abdumo‘minga ham kimdir nimadir qilganu, shuning natijasida uning yuragi ko‘tara olmagan. Mumkin emas. Tuhmat, qip-qizil bo‘hton”,- deya yozdi Muslimbek Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumovning yozishicha¸ "suxandonlar guruhi televidenieda shohlardek hayot kechirishgan”.

Internetdagi eltuz.com nashriga ko‘ra, O‘zTV suxandonlari Muslimbek Yo‘ldoshev va Shuhrat Qayumovlar maxsus topshiriq asosida bu gaplarni yozib chiqishgan.

“Bodomzor qabristonida 1 yanvar kuni jasadi tuproqqa berilgan diktorning janozasida ortiqcha gap so‘z bo‘lmasligini MXX zobitlari maxsus nazorat qilgan”, deya ta’kidlanadi maqolada.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat telekanallari 31 dekabr kuni yarim tunda prezident Islom Karimovning Abdumo‘min O‘tbosarov o‘qigan yangi yil tabrigini efirga bergan paytda O‘tbosarov o‘lik bo‘lgan.

Manbalarimizga ko‘ra, prezident tabrigi 30 dekabr kuni yozib olingan.

31 dekabr kuni esa tabrikning o‘zgartirilgan variantini o‘qish zarurati paydo bo‘lgan.

Shu kuni Abdumo‘min O‘tbosarov uyidan zudlikda televideniega chaqirtirilgan va MTRK raisi tarafidan tergalgan.

MTRK raisi bilan bo‘lgan nizodan keyin o‘zgartirilgan matnni yozish jarayonida Abdumo‘min O‘tbosarovning tobi qochgan. Yurak xuruji ortidan taniqli suxandon shifoxonaga olib ketilgan.

So‘ng matnni Alisher Badalov ismli boshqa bir diktorga ham o‘qitib ko‘rishgan. Lekin, televidenie rahbariyati O‘tbosarov o‘qigan tabrikni efirga berishga qaror qilgan.

O‘zbekiston Davlat televideniesi rahbariyati bu xabarlar yuzasidan izoh bermadi.

Uzoq yillar televidenieda ishlagan Abdumo‘min O‘tbosarov vafot etgani haqida davlat televideniesi va matbuotida xabar ham berilmadi.

O‘zbekiston davlat teleradiokompaniyasi uchun bu so‘nggi bir yil ichidagi ikkinchi katta yo‘qotishdir.

2015 yilning 2 mart kuni yana bir mashhur suxandon Rahmatilla Mirzaev o‘z uyi oldida o‘ldirib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG