Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:58

Mirziyoev Yaltani Rossiya shahri o‘laroq taqdim etmoqda


O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 30 dekabr kuni 2016 yilda o‘zbek shirkatlariga ishtirok etish taklif qilinmish xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar ro‘yxatini tasdiqlagan. Unda Yalta Rossiyaga oid shahar o‘laroq ko‘rsatilgan.

“Ukrainskaya pravda” nashrining xabar qilishicha, Mirziyoev imzolagan hujjatga ko‘rgazma o‘tkazilishi rejalashtirilmish mamlakatlar va shaharlar ro‘yxati ilova qilingan bo‘lib, ro‘yxat bosh vazir tomonidan tasdiqlangani urg‘ulanadi.

“Bu ro‘yxatdagi 32-bandda iyul oyida “Yalta. Zolotoy grifon-2016”” deb nomlangan 35-Xalqaro vino mahsulotlari tanlovi keltirilgan. Ko‘rgazma o‘tkaziladigan joy esa “Yalta shahri. Rossiya” deya ko‘rsatilgan”, deyiladi “Ukrainskaya pravda” xabarida.

Yalta Rossiya tomonidan anneksiya qilinmish Qrim yarimorolida joylashgan kurort shaharlaridan biridir.

2014 yilning 28 mart kuni BMT Bosh assambleyasi Qrimdagi separatistik referendumni noqonuniy deb topgan paytda O‘zbekiston ovoz berishdan tiyilgandi.

Bu voqeadan to‘rt kun avval - 24 martda esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyat va Qrim masalasi yuzasidan rasmiy Toshkent pozitsiyasini aks ettirgan bayonot tarqatgandi.

Mazkur bayonotda “O‘zbekiston Respublikasining BMT Nizomi asosiy tamoyillari va xalqaro huquqiy me’yorlardan kelib chiqqan holda “yuzaga keladigan xalqaro bahslarni tinch vositalar bilan hal etish, xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy daxlsizligiga yoxud siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch bilan tahdid qilish yoki uni qo‘llashdan tiyilish” borasidagi pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir”, deyilgan.

Bundan Toshkentning, yo‘q deganda, Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishini yoqlamagani anglashilgandi.

2015 yil 3 aprelida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tgan MDH tashqi ishlar vazirlari yig‘inida Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati ortidan G‘arb davlatlari joriy etgan sanksiyalarga norozilik bildirilgan bayonot qabul qilinishi kerak edi. Mazkur bayonot Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Biroq MDHga a’zo davlatlar - Ukraina, Ozarbayjon, Turkmaniston va Moldova bilan bir qatorda O‘zbekiston ham mazkur hujjatda Ukraina hududiy yaxlitligi kafolatlangan Budapesht shartnomasi Rossiya tomonidan buzilmoqda, degan e’tiroz bilan bayonotni imzolashdan bosh tortgandi.

Mirziyoev imzolagan hujjatda Yaltaning Rossiyaga oid shahar sifati ko‘rsatilishi O‘zbekistonning Qrim masalasida pozitsiyasi o‘zgarganini ko‘rsatadimi? Bu borada rasmiy Toshkent hozircha biror izoh bergani yo‘q.

O‘zbekiston bosh vaziri tasdiqlagan hujjat yuzasidan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham hali izoh bergani yo‘q.

Ukraina parlamenti Qrimning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olinish tarixining boshlanishi 2014 yilning 20 fevrali ekanini e’lon qilgan. Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 2015 yil 7 oktyabrida bu borada tegishli qonunni imzolagan.

Qrim anneksiyasidan so‘ng G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan qator sanksiyalarni joriy qilgan. Rossiya yarimorolni bosib olganini inkor qiladi va buni “tarixiy adolatning tiklanishi” o‘laroq baholaydi.

XS
SM
MD
LG