Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:40

Shia ulamosining qatl etilgani Eronda g‘azab bilan qarshilandi


Saudiya Arabistonida taniqli shia ulamosi Nimr Bakr an-Nimrning qatl etilishidan g‘azabga mingan olomon Eron poytaxti Tehronda Saudiya Arabistoni elchixonasi hududiga bostirib kirgan. Guvohlarga ko‘ra, norozilar diplomatik muassasaning bir nechta xonasini yoqib yuborgan. Shanba kuni Saudiya Arabistonida terrorchilik faoliyatiga aloqador ko‘rilgan taniqli shia ulamosi Nimr Bakr an-Nimr va yana 46 odam qatl etilgan edi.

Shayx Nimr an-Nimrning qatl etilgani Eronda keskin g‘azab bilan qarshi olindi.

Yakshanba kuniga o‘tar kechasi Tehronda yuzlab odam shia ulamosining qatl etilganiga norozilik bildirib, Saudiya Arabistoni elchixonasiga bostirib kirdi.

Norozilar elchixonasi binosiga toshlar va molotov kokteyllarini irg‘itdi.

Oqibatda elchixonaning bir qancha xonasiga o‘t ketdi.

Ayni paytda politsiya norozilarni binodan haydab chiqargan va diplomatik muassasa atrofida vaziyatni o‘z nazoratiga olgan.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Saudiya Arabistoni Nimr Bakr an-Nimrni qatl etgani uchun “xudoning qahriga uchraydi”, deya bayonot berdi.

Oyatulloh fikricha, Nimr Bakr an-Nimr o‘z siyosiy qarashlari, jumladan Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilgani uchun qatl etilgan.

–U qo‘liga qurol olmagan va boshqalarni ham bunga da’vat etmagan, - deya ta’kidladi Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy.

Saudiya Arabistonidagi mahkama esa shia ulamosini terrorchilik faoliyatiga aloqador deb topgan va uni 2014 yilda o‘lim jazosiga hukm etgan edi.

Shayx Nimr 2011 yilda Saudiya Arabistonida uyushtirilgan yirik aksilhukumat namoyishlarining ashaddiy tarafdorlaridan biri bo‘lgan.

Imom ana shu namoyishlar ortidan 2012 yilda hibsga olingan edi.

Tarafdorlari Nimr Bakr an-Nimr tinch namoyishlar tarafdori bo‘lganini aytishadi.

Saudiya Arabistonida shia musulmonlari yillardan beri sunniylar rahbarligi ostidagi hukumat ularni yakkalab qo‘yganidan shikoyat qilib keladi.

Rasmiy Er Riyod esa shia musulmonlari huquqlari poy-mol etilayotganiga oid iddaolarni rad etib, Eron hukumatini shialar orasida noroziliklar uyg‘otib, terrorchilikni rag‘batlantirayotganlikda ayblab keladi.

Ayni paytida Saudiya Arabistonida 47 odamning qatl etilishi xalqaro maydonda ham qoralandi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, o‘tgan yili Saudiya Arabistoni 150 kishini qatl etgan va bunaqasi so‘nggi yigirma yil ichida kuzatilmagan.

XS
SM
MD
LG