Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:55

O‘zbekistonlik dissident tunni Gulnoraning uyida o‘tkazdi


Shveytsariyadan boshpana topgan o‘zbekistonlik muxolifatchi Safar Bekjon o‘tgan tunni Gulnora Karimovaga tegishli ko‘riladigan Jenevadagi bir necha million dollarlik villada o‘tkazdi. 52 yashar dissident 23 dekabr kuni villaga kirib olgan edi. Voqeadan xabardor bo‘lgan politsiya faolning harakatlarini taftish qilmoqda.

52 yashar siyosiy qochqin, muxolifat faoli Safar Bekjon 23 dekabr kuni ishg‘ol qilgan Jeneva kantoni, 1223 ch Chemin de la Prévôté 7 ko‘chasidagi villada birinchi tunni o‘tkazganini aytdi.

- Tunni shu uyda o‘tkazdim. O‘ylashmasin Gulnoraning par to‘shagida yotibdi, deb. To‘g‘risi, umuman uxlolmadim. Salonda ustiga tsellofan qoplangan oddiy divanda tunadim. Men bu yerga Gulnoraning yotog‘ini egallash, oyoq-osti qilish uchun kelganim yo‘q. Bu uy men oid bo‘lgan xalqning mulki bo‘lgani uchun, o‘zbek xalqi puliga qurilgani uchun kirib oldim. Karimova kerak bo‘lsa, sudlashsin men bilan. U meni mahkama orqaligina chiqarib yuborishi mumkin, - demoqda Safar Bekjon.

23 dekabr kuni O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli ko‘riladigan bu "villani ishg‘ol qilish aktsiyasi"da Shveytsariyada ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi”ning Safar Bekjon dohil boshqa to‘rt a‘zosi ishtirok etdi.

O‘sha kuniyoq bu voqeadan xabar topgan Jeneva politsiyasi villaga kelgan va Safar Bekjonni bunday ishg‘ollar oqibatidan ogohlantirgan.

Safar Bekjon Jenevadagi Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan uy ichida.
Safar Bekjon Jenevadagi Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan uy ichida.
Huquq faolining so‘zlariga ko‘ra, u bu villaga eshiklarini buzib emas, balki kalit bilan qulfini ochib kirgani bois hozircha chora ko‘rilmagan.

- Kelishdi, hujjatlarimning fotonusxalarini olishdi. Kalitlarni ham ko‘rishdi. Bu harakatimning qonuniy oqibatlaridan ogohlantirishdi va huquqlarimni ham tushuntirishdi. Buning siyosiy aktsiya ekanini ko‘rishdi, zero bu demokratik davlat. Lekin, uyning ko‘cha tomondagi devoriga osilgan plakatni olib tashlashni so‘radi. Bugundan siyosiy aktsiyamni uyning ichida turib, davom ettirayapman, - dedi faol.

Ammo, Bekjon so‘nggi oylarda qarovsiz qolgan va Shveytsariya politsiyasi bir necha marta tintuv o‘tkazgan to‘rt qavatli villa kalitini qayerdan olganini ochiq aytishdan bosh tortdi.

- Bu villa — xalqning mulki. Men bu uyga xalq nomidan keldim. Kalitni xalq nomidan xalqdan oldim - shu mening javobim, - dedi Safar Bekjon.

Uning aytishicha, 24 dekabr kuni ishg‘ol qilingan villaning yonida qo‘riqchilar paydo bo‘lgan va buni u o‘z hayotiga xatar sifatida baholamoqda.

- Bu qo‘riqchilarning qayerdan kelgani, ularni Gulnora yollaganmi yoki yo‘qmi - bu haqda menda ma‘lumot yo‘q, advokatlarimda ham ma‘lumot yo‘q, - dedi Bekjon.

"O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi" raisi Safar Bekjon toki, bu villaning egasi paydo bo‘lib, uni uydan chiqarishga urinmagunicha, villada qolishini aytmoqda.

Ayni paytda Gulnora Karimovaga qarashli ko‘riladigan Tvitterdagi mikroblogda Jenevadagi villada borayotgan voqealarga munosabat bildirildi va bu uyning Karimovaga tegishli ekanini bilvosita tan olindi.

“... Lekin SNB-Tillayev guruhi nima uchun hozir mening uyimda? Bunga biror aniq javobingiz bormi? Taxmin qilamanki, yo‘q!” mazmunida tvit qoldirdi @GulnaraKarimova.

Yana bir tvitda singlisi Lolaning turmush o‘rtog‘i Tillayev O‘zbekiston MXX bilan hamkorlikda Jenevadagi uyning ishg‘olini uyushtirganligini iddao qildi.

Bundan tashqari @GulnaraKarimova villasidan sal narida Tillayevga qarashli 50 million dollarlik uy borligi haqida yana bir iddaoni ilgari surdi.

Biroz oldin @GulnaraKarimova Jenevadagi villaga kirib olgan odam Turkiyadagi "Bo‘zqurt terrorchilari"ga yaqin bo‘lgan turk millatiga mansub shaxs ekanini aniqlagani haqida ham yozgan edi.

@GulnaraKarimova yozishicha, Osiyo mamlakatlari diplomatik kanallari orqali kelib chiqishi turk bo‘lgan bu shaxsning "Bo‘zqurtlar terror tarmog‘i" orasida ko‘ringani aniqlangan.

Turkiyada parlamentdagi asosiy uch partiyadan biri bo‘lgan Millatchilar harakati partiyasi a‘zolari o‘zlarini "Bo‘zqurtlar" deb ataydilar.

Safar Bekjon Ozodlik bilan suhbatda Bo‘zqurtlarga aloqadorligini rad etdi.

- Birinchidan, Bo‘zqurtlar Turkiyada qonuniy faoliyat qiladi. MHP, ya‘ni Millatchilar harakati partiyasi a‘zolari Turkiyada parlamentda o‘tiribdi. Yevropada ham ular qonuniy ish olib boradi. Ikkinchidan, men bu guruhga a‘zo emasman, - deydi Bekjon.

Ozodlik radiosi Karimovaga tegishli uyga o‘zbek faollari kirib olgani hodisasi yuzasidan izoh so‘rab Jeneva politsiyasiga murojaat etdi.

Politsiya vakillaridan biri bu yuzadan izoh berolmasligini aytdi. Lekin, politsiya vakiliga ko‘ra, Shveytsariyada egalarining ruhsatisiz uyni ishg‘ol qilish bo‘yicha qonuniy choralar mavjudligini eslatdi.

Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan bu uy joriy yilda bir necha marta matbuot diqqatini tortdi.

Shveytsariya prokuraturasining matbuotga bildirishicha, avgustning oxirlarida mamlakat politsiyasi Gulnora Karimovaning Jenevadagi villasida tintuvlar o‘tkazgan.

Shveytsariya prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, tintuvlar 2012 yilning iyulida pul yuvish va korruptsiyada gumon qilingan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosiga qarshi ochilgan ish asosida o‘tkazilgan.

Xalqaro Yozuvchilar Parlamenti a‘zosi Safar Bekjon 1996 yildan buyon Shveytsariyaning Lozan shahrida siyosiy qochqin sifatida yashab keladi.

O‘zbekiston "Erk" demokratik partiyasi Markaziy kengashi a‘zosi bo‘lgan Bekjon 1993-96 yillarda O‘zbekiston qamoq jazosini o‘tagan.

U O‘zbekiston qamog‘ida ko‘rgan-kechirganlari haqidagi “Narigi dunyo darchasi oldida” nomli kitob muallifidir.

G‘aob mamlakatlarida diktator oilalariga tegishli uylarning ishg‘ol qilinishi birinchi marta bo‘layotgan hodisa emas.

2011 yilda Liviya diktatori Muammar Qaddafiyning o‘g‘li Sayful Islomga tegishli bo‘lgan 16 million AQSh dollarilik Londondagi uy liviyalik faollardan iborat “Mustabidni ag‘daraylik” deb nomlangan guruh tarafidan ishg‘ol qilingan edi.
XS
SM
MD
LG