Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:52

O‘shda uy ololmay yurganlar piketga chiqdi


O‘shda 2010 yil qirg‘ini paytida yaqinlaridan ajragan o‘ndan ortiq fuqaro norozilik piketi uyushtirdi. Ular hukumat tomonidan iyun voqeasida jabrlanganlar uchun qurilgan uylar nega barchaga barobar taqsimlanmayotganini tushuntirib berishni talab qilishmoqda.

Norozilarning aytishlaricha, joriy yil may oyida hukumat ularga yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan kvartiralar berish haqida qaror chiqargan. Ammo shu kungacha O‘sh munitsipal mulk boshqarmasi hukumatning bu qarorini bajarishga shoshilmayapti.

Shahar munitsipal mulk boshqarmasi norozilarga 25 dekabr kunigacha va‘da qilingan kvartiralar topshirilishini bildirgan. Ammo oradan bir necha kun o‘tganiga qaramay, bu va‘da yana quruq so‘zligicha qolib ketmoqda.

75 yoshli O‘g‘ilxon Raimjonova ham o‘ziga tegishli kvartirani ololmay sarson bo‘lib yurganlardan biri.

-May oyidan beri uyni ololmaymiz. “Sentyabrda beramiz”, deyishdi, “avgustda beramiz” deyishdi. Oxirgi martda “noyabr-dekabr oylarida beramiz”, deb va‘da qilishgan. Shu kungacha mana shu boshqarmaning birinchi qavatidan ikkinchi qavatiga tushib chiqaverib charchadik. Va‘dalarini ustidan chiqshlarni kutib charchadik. –dedi O‘g‘ilxon Raimjonova.

8 oydan beri kvartira ololmay yurganlardan yana biri Talant Attokurov norozilik bildirib kelganlar bilan shahar hokimiyati yoki munitsipal mulk boshqarmasi rasmiylaridan birortasi uchrashmaganini aytdi. “Biroq shunga qaramay biz o‘z huquqimiz uchun kurashni davom etdiramiz”, dedi u.

-Bizning norozilik namoyishimiz to‘xtamaydi. Har kuni kelib arz-dodimizni aytaveramiz. Har kuni miting va piketlarni uyushtirib, televideniye orqali har kuni turli idoralarga murojaat qilaveramiz. Agar bizning masalamizni Qirg‘iziston hukumati yecha olmasa, unda xalqaro tashkilotlarga boramiz, -dedi Talant Attokurov.

O‘sh shahar munitsipal mulk boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Abdumutalip Kalbekovning aytishicha, norozilik namoyishiga chiqqanlarning talablari juda o‘rinlidir. Unga ko‘ra, bugungi kunda O‘sh shahrida hukumat qarori bilan berilgan kvartiralarini ololmay yurgan odamlar soni yetmishga yaqin.

- O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direktsiyasi ko‘p qavatli uylarni qurayotganda mana shu odamlarga bir xonali kvartiralar berilishi haqida hukumat qarori chiqqan. Ammo bir xonali kvartiralar yetishmay qolgan. Shuning uchun bugungi kunda 70 ga yaqin odamga va‘da qilingan kvartiralar berilmadi. 28 noyabrda kvartiralarni bo‘lishtirish bo‘yicha davlat komissiyasining so‘nggi yig‘ilishi bo‘lgan. Bugun mana shu yig‘ilish protokolini oldik. Endi mana shu protokolga ismi-sharifi kiritilgan odamlarni aniqlayapmiz. Xudo xoxlasa, yakshanba kuni uylarning kalitlarini topshiramiz, -dedi Abdumutalip Kalbekov.

2010 yil iyunida O‘shda sodir etilgan qirg‘in paytida 500 ga yaqin odam qurbon bo‘lgan. Minglab odamlarning uylari yondirilgan edi. Xalqaro tashkilotlar yordamida O‘sh va Jalolobodda yondirilgan xususiy uylar qayta tiklandi. Bundan tashqari hukumat 943 odamga ko‘p qavatli uylardan bepul kvartiralar berish haqida qaror chiqargan.

Shu kungacha O‘sh va Jalolobodda 11 ta ko‘p qavatli uy qurildi. Mazkur uylardagi 573 kvartiraning 395 tasi O‘sh qirg‘inida jabr tortganlarga berildi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda yana 185 odamga kvartira berish masalasi hal etiladi.
XS
SM
MD
LG