Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:51

O‘zbekiston prezidenti yana bir nevaralik bo‘ldi


Yangi mehmonning ota-onasi Lola Karimova va Timur Tillayev.
Yangi mehmonning ota-onasi Lola Karimova va Timur Tillayev.
Islom Karimovning beshinchi nevarasi Safiyaning 28 iyun kuni Frantsiyada tug‘ilgani e‘lon qilindi.

Har kuni dunyoda 365 ming atrofida bola tug‘iladi. Bu jumlalarni o‘qigan zahotimiz dunyo yana 18 kishiga ko‘paydi - bir daqiqa ichida kurramizda 180 bola tug‘ilmoqda.

Farzand quvonchi shohu gado¸ boy va kambag‘alga birdek nasib etuvchi ne‘mat.

28 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti qizining xonadonida ham chaqaloq ovozi yangradi.

Prezidentning ikkinchi qizi Lola Karimova – Tillayeva qiz farzand ko‘rdi. Safiya deb ism qo‘yilgan bu chaqaloq Lola Karimova - Tillayevaning uchinchi farzandi, O‘zbekiston prezidentining beshinchi nevarasi bo‘ldi.

BMTning madaniyat idorasi - YuNESKOda O‘zbekiston elchisi hisoblanmish Lola Karimova o‘z rasmiy saytida uchinchi farzand ko‘rganini uch tilda - ingliz¸ rus va o‘zbek tilida jamoatchilikka e‘lon qildi.

“O‘z go‘dagini bag‘riga birinchi bor bosganda har bir ayol bu dunyodagi birlamchi vazifasini anglab yetadi, va uning qalbini cheksiz shukronalar va baxt tuyg‘usi qamrab oladi. Parvardigor shunday quvonchni menga uchinchi bor ato etganidan men nihoyatda baxtiyorman! Bizning oilamizga jajjigina qizalog‘imiz Safiya qo‘shildi va biz bu quvonchli yangilik bilan ulashishdan benihoyat mamnunmiz!”-deb yozdi Karimova-Tillayeva xonim.

Lola Karimova uchinchi farzandiga to‘lg‘oq tutgan kundan ikki kun o‘tib Parij Oliy sudi unga nisbat berilgan “diktator qizi” jumlasini mashru‘lashtirdi. Sud hukmiga ko‘ra, prezidentning qizi va O‘zbekistonning YuNESKOdagi vakilini "diktatorning qizi", O‘zbekiston prezidentini "diktator", deb atagan frantsuz jurnalisti Ogusten Skalbert o‘z maqolalarida bildirgan fikrlar haqiqat deb tan olindi.

Bu qaror yangi tug‘ilgan chaqaloqni "diktatorning nevarasi" deb atash uchun ham asos bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni yana bir bor nabiralik qilgan Lola Karimova 3 iyul kuni 33 yoshga kirdi.

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya institutini xatm qilgan Lola Karimova O‘zbekiston milliy universitetida ruhshunoslik bo‘yicha fan nomzodi darajasini olgan.

Lola Karimova O‘zbekistondagi sag‘ir bolalar huquqlarini himoya qiluvchi "Sen yolg‘iz emassan" jamg‘armasiga rahbarlik qiladi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Lola Karimova-Tillayeva o‘z opasi Gulnora Karimova soyasida qolib keladi. Karimovalar oilasini yaxshi bilganlardan birining Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ O‘zbekiston prezidenti katta qizini kichigidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rgan.

Internetdagi Kompromat.ru nashriga ko‘ra, Lola Karimova maishatni yaxshi ko‘radigan, janjalkashlikka moyil ayol. 1990 yil o‘rtalarida Lola Karimova Toshkent markazida Basha tungi ko‘ngilochar klubini ochadi. Keyinchalik bu klub Club 25 nomini oldi. Ayni manbaga ko‘ra¸ Lola Karimova qimmatbaho mashinalarga o‘chligi bilan ham ajralib turadi¸ uning garajida Porsche Cayenne S, Mercedes-Benz SL-55 AMG, BMW M6 rusumidagi qimmatbaho mashinalar bor. Kompromat.ru nashriga ko‘ra¸ yaqinda Lola Karimova - Tillayeva alohida buyurtma qilib lyuks rusumida yig‘ilgan “Maybax” sohibi bo‘lgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining diplomat maqomidagi Lola Karimova bu mashina uchun 400 mingdan ko‘p pul to‘lagani aytiladi.

Lola Karimovaning tungi klublardagi maishati AQShniing Toshkentdagi elchisi nazariga tushib¸ Vashingtonga yuborilgan nomalarga ham mavzu bo‘lgan edi. "Lola arqonni uzdi" deb nomlangan bu maxfiy yozuvlar WikiLeaks nashrida e‘lon qilingan edi.

"Karimova odatda Toshkentda bitta bo‘lgan Porsche Cayenne S Sports Utility mashinasida kechki soat 10 larda, an‘anaviy raqslar shousi boshlanishiga keladi va tong sahargacha dabdabali diskotekada holdan toyguncha raqsga tushadi. O‘zi uchun ajratilgan maxsus kabinada, to‘rtta tan soqchisining himoyasi ostida o‘tiradigan Lola Karimova sezilarli miqdorda alkogol ichimliklarni ichib, raqsga tushadi. "Barxan" klubining “Timur”, deb tanilgan xo‘jayini va Karimovaning banditlarga o‘xshagan yigiti navbatma-navbat u bilan raqsga tushadi"¸ deb yoziladi AQSh diplomatlarining Vashingtonga yo‘llagan maxfiy yozuvlarida.

WikiLeaks nashri e‘lon qilgan yozuvlarda Lola Karimovaning "Barxan" restoranidagi kayfu safosi tasvirlangan. Voqealar rivoji Karimovaning kayfu safolardan masofalanib uch bolaning onasi bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Aynan kenja qiz Lola jurnalistlarning o‘z otasini "diktator" deb atashiga qarshi chiqib¸ frantsuz muxbirini Parij mahkamasiga berdi. Mahkamaning 1 iyuldagi qarori Lola Karimova talabini qondirmadi - Lola Karimova "diktatorning qizi" maqomida qoldi.

Lola Karimova jinoyat olamidagi avtoritet ekani iddao qilinadigan Hakim Tillayevning o‘g‘li Timurga erga tekkan. Hakim Tillayevning O‘zbekistondagi kriminal avtoritet Salim Abduvaliyevning jiyani ekani aytiladi.

Bundan oldin Lola Karimova Ahrorov S. degan andijonlik yigitga turmushga chiqib¸ u bilan Umar ismli o‘g‘il ko‘rgan. Bu haqda 2008 yilning mart oyida Usmon Haqnazarov nomi ostida e‘lon qilingan maqolalardan birida bildirilgan. Mazkur maqolada 2002 yili Lolaning ilk eridan ajralish tafsilotlari ham yozilgan. Haqnazarov maqolasiga ko‘ra¸ Lolaning eri uni Revaz Gagloyev ismli tansoqchi bilan hamto‘shak bo‘layotganida ushlab olgan. Ana shundan keyin ular ajrashishgan. Ahrorovlar oilasining¸ Xaqnazarovga ko‘ra¸ boshlangan tazyiqlardan so‘ng O‘zbekistondan qochib¸ Gretsiyadan boshpana topgani taxmin qilinadi.

Ikkinchi bor turmushga chiqqanidan keyin Lola qiz farzand ko‘radi va ismini Maryam deb qo‘ydi. 2011 yil 28 iyunda tug‘ilgan qiziga esa Safiya deb ism qo‘yishdi.
XS
SM
MD
LG