Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:12

O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirgan taqirboshlar jazolandi


Bundan avval ham O‘zbekiston fuqarlarini o‘ldirgan taqirboshlar sudga tortilgan edi.
Bundan avval ham O‘zbekiston fuqarlarini o‘ldirgan taqirboshlar sudga tortilgan edi.
Xabarovskda O‘zbekiston fuqarolaridan birini o‘ldirganlik¸ yana biriga og‘ir tan jarohati yetkazganlikda ayblangan ikki jinoyatchi ustidan hukm o‘qildi.

Tergov davomida 19 yoshli Ivan Dyomin va Xabarovsk oliy o‘quv yurtining 17 yashar talabasi shaharning o‘ng radikal yoshlar to‘dasi – bonxedlar (skinxed-neonatsistlar) tarkibiga kirgani aniqlandi, deydi Xabarovsk o‘lka sudi maslahatchisi Ilьya Andreyev.

- Bu yigitchalar Internetda tanishib ikkalovida ham yagona “qiziqish” - “rus bo‘lmaganlarni” yoqtirmaslik borligini bilib olishgan. 2010 yilning 18 noyabrida Ivan Dyomin o‘zining voyaga yetmagan sherigi bilan Xabarovskning Progressivnaya ko‘chasida mobil telefonda gaplashayotgan o‘zbek yigitini uchratib qolgan va unga hujum qilgan, deydi Xabarovsk o‘lka sudi xodimi Ilьya Andreyev.

Sudda taqirboshlar bu shaxsning tashqi ko‘rinishi va gapirishi uni kaltaklash va bir necha marotaba pichoqlash uchun yetarli asos bo‘lganiga iqror bo‘lgan. Ko‘chada o‘tib ketayotgan odamlar millatchilarni cho‘chitib yuborgan, shunday bo‘lsa-da¸ ulardan biri yaralanib yotgan o‘zbekning oldiga qaytib uning telefonini olib ketgan.

Ismi-sharifi oshkor etilmayotgan O‘zbekiston fuqarosi shifokorlar yordami tufayligina tirik qolgan.

Neonatsistlar o‘z qilmishlaridan ruhlanib, yangi “o‘lja” qidirishga tushgan. Ikki kun o‘tar-o‘tmas - 21 noyabr kuni, shaharning Kutuzova ko‘chasida ular yana bir o‘zbekni uchratib qolgan.

Janjal boshlash uchun Dyomin uni turtib yuborgan va dahanaki jang mushtlashuvga aylanib ketgan. Ivan Dyomin o‘zbekistonlikni kaltaklab turgan bir paytda, jinoyatchilardan yoshrog‘i cho‘ntagidan pichoq olib muhojirning yuragiga zarba bergan. Jarohatlangan O‘zbekiston fuqarosi mushtlashuv joyida halok bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan Ivan Dyomin va uning sherigiga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining “milliy adovat yuzasidan sodir etilgan qotillik”, “talon-taroj” va “hayotga suiqasd” moddalari asosida ayblov e‘lon qilingan.

Xabarovsk o‘lka sudi 19 yoshli Ivan Dyominni 11 yilga qattiq rejimli, voyaga yetmaganligi sababli ismi oshkor etilmayotgan 17 yoshli asli amurlik ikkinchi jinoyatchini esa 8,5 yil umumiy rejimdagi qamoq jazosiga mahkum etdi.

Bundan tashqari, taqirbosh-birodarlar o‘z jinoyatlari oqibatida jarohat olgan O‘zbekiston fuqarosiga har biri 250 ming rubldan¸ 500halok bo‘lgan o‘zbekistonlikning yaqinlariga esa 500 ming rubldan tovon puli to‘lashga majbur etildi.

Xabarovsk o‘lka sudi rasmiysi Ilya Andreyevga ko‘ra, ayblari sudda to‘liq isbotlanganiga qaramasdan, ikkala jinoyatchi sud qaroridan norozi ekani va shikoyat arizasi bilan yuqori instantsiyaga murojaat qilishini bildirgan.

Bundan avval o‘zbekistonlik muhojirlarni o‘ldirgan taqirbosh va millatchilar guruhlari ustidan Moskva, Novgorod, Orenburg, Tyumen, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa shaharlarida mahkama jaraënlari bo‘lib o‘tgan edi.
XS
SM
MD
LG