Линклар

Шошилинч хабар
14 май 2024, Тошкент вақти: 21:46

Mustaqil nashrlarga bosim o‘tkazishda ayblangan AOKA "isloh qilinadi"


AOKAning mahalliy nashrlarga bosimi karikatura qilingan surat - Eltuz.com
AOKAning mahalliy nashrlarga bosimi karikatura qilingan surat - Eltuz.com

29 - dekabr kuni prezident Mirziyoyev eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning matbuotga munosabatini tanqid qilib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi(AOKA) isloh qilinishini ma’lum qildi.

Bu xabarni olqishlagan mahalliy jurnalistlar aslida matbuotni nazorat qiladigan sovetcha tashkilotlardan butunlay voz kechish taklifini ilgari surdi.

Keyingi paytda AOKAning OAVlariga bosimi kuchaygani aytilib, keskin tanqid qilinayotgandi.

AOKA isloh qilinadi

29 - dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatida prezident Mirziyoyev ayrim rahbarlarning matbuotga munosabatini tanqid qildi:

“Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaat qilmoqda, Toshkent, 2020 - yil 29 - dekabri (president.uz fotosi)
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaat qilmoqda, Toshkent, 2020 - yil 29 - dekabri (president.uz fotosi)

Mirziyoyev AOKA yaxshi niyatlar bilan tashkil qilinganini eslatib, ushbu agentlik faoliyati isloh qilinishini ma’lum qildi:

“Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman”.

Prezidentning AOKAni isloh qilinishida nimani nazarda tutayotgani hozircha noma’lum.

AOKA rahbariyati prezidentning bu so‘zlarini hech bir ko‘rinishda izohlagani yo‘q. AOKA borasida prezidentning tanqidiy gaplari ham agentlikning rasmiy saytiga joylanmagan.

30 - dekabr kuni Ozodlikning ushbu agentlik mulozimlari bilan bog‘lanish urinishlari natijasiz bo‘ldi.

Mirziyoyevning AOKAni isloh qilish taklifi agentlikning mamlakatdagi qator nashrlarga ogohlantirish xati yuborishi va buning keskin tanqidga sabab bo‘lgani ortidan yangradi.

O‘tgan oyda AOKA tomonidan Kun.uz va boshqa qator mustaqil nashrlarga xat yuborilib, aholining gaz va svet muammosi, shuningdek, koronavirus statistikasiga rasmiylarnikidan farqli yondashgani bois "jiddiy oqibatlar"dan ogohlantirilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan jurnalistlar Mirziyoyevning AOKAni isloh qilish qarorini olqishlashlarini aytishdi.

Daliyev: AOKA faqat propaganda bilan shug‘ullanadiganlarni xushlayapti

Human.uz axborot portali rahbari, jurnalist va bloger Xurshid Daliyev AOKA matbuot vakillari bilan munosabatini samimiy va ochiq qilishi lozim deb hisoblaydi:

Human.uz axborot portali rahbari Xurshid Daliyev
Human.uz axborot portali rahbari Xurshid Daliyev

- Mana kecha prezidentning murojaatnomasini yoritishga biz bora olmadik, oldingi safar borib yoritgandik. Bu safar bizni taklif qilishmadi. AOKAning hozirgi rahbari o‘ziga yoqqan, o‘zi xushlagan jurnalist yoki bloger bilan munosabatlarini yaxshi qilyapti. Lekin xushlamagani bilan muloqot qilayotgani yo‘q. Amaldagi qonunchilik asosida ishlaydigan emas, balki ulardan topshiriq oladigan va ularning aytgan tashviqot kampaniyasini zo‘r berib propoganda qiladigan tahririyatlarni xushlayapti. Lekin bu yaxshi emas.

Xurshid Daliev bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin:

Хуршид Далиев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:05 0:00
Бевосита линк

Tashanov: AOKAni butunlay tugatish kerak!

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov AOKA kabi nazorat qiluvchi organlar faoliyatini mutlaqo tugatish kerak degan fikrni ilgari suradi:

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov
Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov

- AOKA O‘zbekistonda so‘z erkinligini nazorat qiladigan organ funksiyasini bajaryapti. Nashrlarga nisbatan monitoring tahdidi bilan chiqish, o‘zining tanqidiy pozitsiyasini bildirish ya’ni nazoratchilik funksiyasini o‘tashi, bu so‘z erkinligiga nisbatan tahdiddir. Shuning uchun bu organ mutlaqo olib tashlanishi kerak. AOKA sobiq SSSRdan qolgan goskompechatь. Umuman AOKAning keragi yo‘q. Matbuot qonun hujjatlariga asosan ishlaydigan bo‘lsa, uni nazorat qilishning hech qanday keragi yo‘q. Davlatning ta’sir mexanizmlari to‘liq olib tashlanishi kerak. Dunyoning birorta ilg‘or davlatida bunaqangi organ yo‘q.

Mirziyoyeva- Allamjonov tandemi

AOKA 2019 - yilning 2 - fevralida prezident farmoni bilan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tugatilib, uning o‘rniga tashkil etilgan.

AOKA axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

AOKA tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lgan Komil Allamjonov va prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva juftligi, bu agentlikni bir yilcha boshqargan.

Komil Allamjonov va prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva juftligi, AOKAni bir yilcha boshqargan.
Komil Allamjonov va prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva juftligi, AOKAni bir yilcha boshqargan.

Ayrim mahalliy jurnalistlar ushbu tandem davrida matbuotga nisbatan munosabat nicbatan yaxshi bo‘lganini ta’kidlaydi.

Biroq Tashanov fikricha, matbuotning erkinligi biror shaxsga bog‘liq bo‘lib qolishi kerak emas:

- Mirziyoyevning qarindoshlari yoki Komil Allamjonov xohlagani uchun erkin matbuot bo‘lishi kerak emas. O‘zi aslida matbuot erkin bo‘lishi kerak. Agar matbuot erkinligi biror shaxslarga bog‘liq bo‘lsa, bu omonat erkinlikdir. Shuning uchun so‘z erkinligini shaxslarga bog‘lash noto‘g‘ri bo‘ladi.

Tashanov bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin:

Абдураҳмон Ташанов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00
Бевосита линк

AOKAdan ketganidan so‘ng milliy matbuotni himoya qilish iddaosi bilan prezident qizi tandemida tuzilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi keyingi ikki oy ichida AOKA tomonidan jurnalistlarga bo‘lgan bosimlar payti o‘z pozitsiyasini bildirmagani tanqidga sabab bo‘ldi.

Bu fond ham mahalliy, ham xorij jamoatchiligining aynan o‘zbek matbuotidagi erkinlikni rivojlantirish uchun berilgan pullari hisobiga faoliyat yurgizadi.

3 - dekabr kuni chet el diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tgan anjumanda o‘zbek rasmiylari mamlakatda so‘z va matbuot erkinligi borasida “fundamental”, “ortga qaytmas” ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi.

Ayni paytda anjumanda qatnashgan BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer o‘zbek rasmiylarini mustaqil OAV vakillarini erkin ishlashiga yo‘l berish bo‘yicha BMT talablarini to‘liq bajarishga chaqirdi.

Mahalliy nashrlarning nisbatan erkinlashganiga qaramay, xalqaro matbuot tashkilotlari o‘zbek matbuotida senzura, o‘z-o‘zini senzura va jurnalistlar hamda blogerlarga bosimlarning saqlanib qolayotganini aytishadi.

Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti shu yil aprelida e’lon qilgan matbuot erkinligi reytingida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 156 - o‘ringa qo‘ygan.

Tashkilot mamlakatda vaziyatning "hanuz murakkabligicha qolayotgani"ni aytgan.

"Yuqori hokimiyatni tanqid qilish hali ham mumkin emas. Rasmiylar ommaviy axborot vositalarini cheklaydigan zarur qonunchilik islohotlarini o‘tkazishga shoshilmayapti. Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hanuzgacha mavjud bo‘lib, hokimiyatlar OAV ustidan nazoratni sezilarli darajada ushlab turibdi. Blogerlarga hanuzgacha tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda", — deyiladi hisobotda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG