Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:43

Tramp: Rossiya saylovda g‘alaba qozonishimga yordam bergani yo‘q


AQSh prezidenti Donald Tramp 2016 yilgi prezident saylovida Rossiya ko‘magi bilan g‘alaba qozonmaganini ta’kidladi. Keyingi paytda matbuot nashrlari AQSh Adliya departamenti Rossiyaning saylovga aralashgani haqidagi iddaolarni ko‘rib chiqish uchun katta hakamlar hay’atini tuzgani haqida xabar berib keladi.

Tramp 3 avgust kuni Virjiniya shtatiga qilgan tashrifi davomida: “Ko‘p odam bizning kampaniyamizda rossiyaliklar bo‘lmaganini biladi. Biz Rossiya tufayli g‘alaba qozonmadik. Biz siz tufayli g‘alaba qozondik”, dedi.

Tramp demokratlarni “Rossiya haqidagi uydirmani” ilgari surishda ayblab keladi.

The Wall Street Journal va boshqa axborot vositalari Adliya departamenti maxsus prokurori Robert Myuller Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilgan-qilmaganini tekshirish uchun katta hakamlar hay’atini tuzgani haqida xabar berdi.

Tramp va boshqa Oq uy rasmiylari hakamlar hay’atini tuzish Rossiya aralashuvi haqidagi ayblovlarga tezroq barham berishiga umid bog‘lagan.

“Umid qilamanki, yakuniy xulosa haqiqatan odil bo‘ladi”, dedi Tramp.

Hakamlar hay’atini tuzish sobiq Federal qidiruv byurosi direktori Myullerga guvohlarni sudga chaqirish hamda ulardan rasmiy ko‘rsatma olish imkonini beradi. Bu esa tergov sur’atlarini tezlashtiradi.

Trampning huquqshunoslari prezident katta hakamlar hay’ati tuzilishidan qo‘rqmasligini, chunki prezidentning o‘zi tergov qilinmayotganini ta’kidlashdi.

Reuters agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, prezidenting o‘g‘li Kichik Donald, kuyovi Jared Kushner hamda Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort 2016 yilda bir guruh rossiyalik bilan o‘tkazgan uchrashuvga aloqador shaxslar sudga chaqirilgan.

Uchrashuvdan oldin rossiyaliklar Trampning o‘g‘liga uning raqibi Hillari Klintonni obro‘sizlantiruvchi ma’lumot berishni va’da qilgan.

CNN esa tergov davomida sodir etilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy jinoyatlarga alohida e’tibor berilayotgani haqida xabar berdi.

Katta hakamlar hay’ati biror ish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘ash kerak yoki yo‘qligini aniqlash uchun tuziladi. Hakamlar hay’atiga oddiy fuqarolar a’zo bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hakamlar hay’ati tuzilgani jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, degani emas.

Rossiya AQSh prezidenti sayloviga aralashgani haqidagi iddaolarni bir necha Kongress paneli ham ko‘rib chiqmoqda.

Rasmiy Moskva esa ushbu ayblovlarni keskin rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG