Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:20

Atambaev prezidentlikdan ketgunigacha O‘zbekiston bilan chegara shartnomasi imzolanishidan umidvor


Atambaev bilan uchrashuvga kelgan qirg‘izistonliklar.
Atambaev bilan uchrashuvga kelgan qirg‘izistonliklar.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev Moskvada qirg‘iz mehnat muhojirlari bilan o‘tgan uchrashuvda prezidentlik vakolati yakunlanguniga qadar O‘zbekiston bilan chegaralar aniqlanib bo‘lingani va chegaralarni ochish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolashdan umidvor ekanini bildirdi.

Atambaev chegara shartnomasini imzolash uchun siyosiy irodaga ega ekanini aytdi

Prezident Almazbek Atambaev 21 iyunda Moskvada qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida mehnat muhojirlarini eng qiziqtirgan savollardan biri “O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi qachon ochiladi?” degan savol bo‘ldi.

Bu savolga javob berar ekan, Almazbek Atambaev quyidagilarni aytdi:

- Yaqinda Ostonada men o‘zbek prezidenti bilan uchrashdim. Men u bilan 10 yildan beri tanishman. Tojik prezidenti bilan ham gaplashdim. Xudo xohlasa, chegara masalasida qandaydir kelishuvga erishamiz. Bir narsani ochiq aytaman. Ko‘p erlarimiz o‘z vaqtida boshqa davlatga o‘tib ketgan. Shuning uchun chegara ratifikatsiya bo‘lmaydi, degan gap-so‘zlar paydo bo‘layapti. Bizning faqat bitta yo‘limiz qoldi. Biz “Bo‘lgani bo‘ldi, o‘sha yerlarning o‘rniga bizga boshqa joydan yer beringlar”, deb aytishimiz kerak. Hozir mana shuning atrofida savdo bo‘layapti. Men Shavkat Miromonovichga ham, Emomali Sharipovichga ham aytdim: “Men prezidentlikdan ketgunimcha shartnomalarga qo‘l qo‘ymoqchiman”, deb. Menda buning uchun iroda bor, faqat o‘z manfaatlarimizni esdan chiqarmasligimiz kerak, - dedi Almazbek Atambaev.

"Qirg‘izistonlik haydovchilar Rossiyada o‘ygaylanmasligi shart"

Qirg‘iziston prezidenti Moskvada qirg‘iz muhojirlar bilan uchrashar ekan, Rossiya rahbariyati bilan muhojirlarning bugungi dolzarb masalalarini muhokama qilganini ham aytdi.

Rossiyada 1 iyundan boshlab boshqa davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan muhojirlarning haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan. Buning ortidan minglab muhojirlar ishsiz qolgan edi.

Atambaev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan aynan shu masalani muhokama qilganini ta’kidladi:

-Kecha Vladimir Putin bilan, bugun Dmitriy Medvedev bilan uchrashganimda ham haydovchilik guvohnomasi masalasini ko‘tardim. Men:”Sizlar belaruslarga imtiyoz berdinglar, nega biznikilarni o‘gaylatib qo‘ydinglar?” deb ochiq so‘radim. Dmitriy Anatolyevich “YevrOsiyo Iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar vatandoshlarining haydovchilik guvohnomalari Rossiya hududida yaroqli bo‘ladi”, deb va’da berdi, -dedi Atambaev.

Atambaev Qandagi Rossiya harbiy bazasining kengaytirilishiga qarshi

Qirg‘izistoni prezidenti mehnat muhojirlari bilan siyosiy masalalarni ham muhokama qildi.

-Men bu masalani o‘rislarga avvldanoq aytganman. “Bundan buyon Qantdagi Rossiya harbiy bazasini kengaytirmaymiz”, deb ochiq aytganman. Agar harbiy baza qurmoqchi bo‘lsanglar Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududlariga quring deb taklif qilganman. Rostini aytsam, bir balo bo‘lishi aniq. Tojikistonda kelajakda nima bo‘ladi, faqat Xudo biladi. Shuning uchun bu erda chegaralarni mustahkamlash kerak, -dedi Atambaev.

Qirg‘iziston prezidentining Rossiyaga rasmiy safari 19 iyunda boshlangan va 24 iyunda yakunlanadi. Bu Atambaevning prezident sifatida Rossiyaga qilgan so‘ngngi safaridir.

2017 yilning 15 oktabrida Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakat Konstitutsiyasida bir odam bir muddatdan ortiq prezident bo‘la olmasligi qayd etilgani bois, Atambaev bu saylovda o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

XS
SM
MD
LG