Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:32

Dehqon va bog‘bonning meva-sabzavotini xorijga o‘zi sotishiga ruxsat berildi


Termizda o‘rik pishdi
Termizda o‘rik pishdi

1 iyuldan boshlab, meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini yetishtirayotgan tadbirkorlarga o‘z mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga sotish huquqi berildi. Prezidentning yangi qarori bilan¸ "O‘zagroeksport" davlat tashkilotining bu sohadagi monopoliyasiga barham berildi.

Prezident Shavkat Mirziëev 21 iyun kuni imzolagan qarorga muvofiq¸ joriy yilning 1 iyulidan boshlab “tadbirkorlik sub’ektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etiladi”gan bo‘ldi.

Endilikda meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini yetishtirayotgan dehqon-fermerlar mustaqil ravishda xorijdan xaridor topib, mahsulotini sotishi mumkin. Qarorga muvofiq, chet elga chiqariladigan meva-sabzavot narxini maxsus ekspert komissiyasi belgilaydi va eksporter keladigan valyuta tushumining 25 foizini davlatga sotadi.

Bunga qadar meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasi 2016 yilning 1 mayida ish boshlagan “O‘zagroeksport” aksionerlik jamiyatini monopoliyasiga berilgan edi.

Jamiyatning marketing bo‘limi rasmiydan olingan ma’lumotga ko‘ra, endilikda meva-sabzavot eksportiga berilgan erkinlik tashkilot ishini susaytirmaydi.

"O‘zagroeksport" o‘z ishini davom ettiraveradi. Bizning katta-katta shartnomalarimiz bor, xorijdagi katta-katta savdo tarmoqlari, gipermarketlar bilan. Endi dehqonning mahsulotiga yaxshi narxda, balandroq narxda chetdan xaridor topsak, dehqonlardan o‘zimiz olaveramiz yana. Raqobatda bu yog‘i", dedi tashkilot rasmiysi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekistonning 2016 yil​da Rossiyaga 800 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavot yetkazib berishni va’da qilgan marhum prezidenti Islom Karimov “Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni o‘tgan yilning 7 aprelida imzolagan edi.

Bu qaror chiqqach, meva-sabzavot eksporti davlat monopoliyasiga o‘tdi va keyingi bir yil ichida mahsulotini sotolmay, sarson bo‘lgan tadbirkorlar ko‘p bo‘ldi.

Hozirga qadar "O‘zagroeksport" tashkiloti bilan dehqon o‘rtasida turgan bo‘g‘in - mamlakatdagi agrofirlamalar bo‘lib keldi.

Toshkent viloyatdagi shunday agrofirmalardan birining ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan rahbari kechgan bir yilni, bir so‘z bilan, "dahshat" deb baholadi:

- Oldin "O‘zagroeksport" bilan chiqarasizlar, 100 ming dollar shartnoma qilsangizlar, 50 mingini sizlarga tushirib beramiz, qolgani so‘m bo‘ladi, deyishdi. Keyin 25 foiz valyutani beramiz, qolgani so‘m, dedi. Keyin, umuman, yo‘q bo‘ldi. Kreditga ishlanglar, deyishdi keyin, bankka borsang, pul yo‘q. Dehqondan mevani olamiz, deb qo‘yganmiz - pul yo‘q. Bir qarasang, jo‘natishga mevani tayyorlab qo‘yganmiz, olmaymiz, deb qoladi. Bir tarafdan konvertatsiya yo‘q. Juda rasvosi chiqib ketgan edi-da, xullas. Endi prezidentimiz to‘g‘ri qilayapti, - dedi Toshkent viloyatidagi agrofirma boshliqlardan biri.

Hozircha tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulotini o‘zi eksport qilish huquqi berilgan bo‘lsa-da, agrofirma boshlig‘iga ko‘ra, marhum prezident Karimov tomonidan joriy etilgan yana ikkita jiddiy to‘siq hanuz saqlanib qolmoqda:

- Birinchisi, mahsulotga davlat komissiyasining narx belgilashi. Ikkinchisi, 100 foizlik predodplata. Bu cheklovlarni ham olib tashlash kerak. Ha endi, 25 foizlik valyuta tushumini davlatga sotish masalasini aytmay turaylik. Hamma dehqon ham o‘z mahsulotini o‘zi eksport qilolmaydi-ku, to‘g‘rimi?! Baribir, agrofirmalarga ehtiyoj bor. Bizga esa cheklov haliyam turibdi, - dedi ismini oshkor etmayotganimiz toshkentlik tadbirkor.

"O‘zagroeksport" monopoliyasi ortidan Ozodlikka mamlakatning turli viloyatlaridagi dehqonlardan tayyor mahsulotini xorijga chiqarolmay qolgani haqida ko‘plab shikoyatlar kelgan edi.

Jumladan, o‘tgan yili mayda Qo‘qon shahridagi "Qo‘qon Muzaffar savdo komleksi" bozorida Rossiyaga jo‘natilmay qolgan o‘rik kilosi 1 yarim ming so‘mdan tadbirkorlarga majburan tarqatilgani, tadbirkorlar esa turib qolgan mevani aholiga 500 so‘mdan ham sota olmagani kuzatilgan edi.

May oyida, shuningdek, andijonlik bog‘bonlar ertapishar giloslarini «O‘zagroeksport» shirkati vaqtida sotib olmagani, boshqa eksportchi tujjorlarga ham sotishga ruxsat berilmagani bois, hosilini kutilgan narxda sotolmaganidan shikoyat qilgan edi.

Hukumat buyurtmasi bilan 2 tonnadan tortib, 40-50 tonnaga qadar oshqovoq yetishtirgan fermerlar ham hosilini sotolmay sarson bo‘lgani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Prezident Mirziyoevning "Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga berilgan sharhda ham bu sohada «O‘zagroeksport» shirkati foydalana olmagan "katta salohiyat saqlanib qolayotgani" va meva-sabzavot yetishtiruvchiga eksport yo‘lida "byurokratik to‘siq mavjudligi" aytilgan.

Hujjatda keltirilishicha, shu yilning birnchi yarmida "360 dan ortiq yangi korxona eksportga jalb qilingani, 120 dan ortiq yangi mahsulot eksport uchun o‘zlashtirilgani, boshqa mahsulotlar eksport hajmi sezilarli darajada ortgani" qayd etilgan. Shu yilning boshidan beri esa 230 ming tonnadan ortiq meva va sabzavot eksportga yetkazib berilgan.

XS
SM
MD
LG