Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:59

Farg‘onada "viloyat hokimi marshruti" obodonlashtirilmoqda


O‘zbekistonda “hokim marshruti” degan tushuncha borligi Ozodlikka Furqat tumanidan kelgan bir shikoyatni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldi.

Tuman markazidagi markaziy ko‘cha bo‘yida yashaydiganlarning Ozodlikka shikoyat qilishicha, hokimiyat ularni uylarini ta’mirlashga majbur qilmoqda.

Shikoyatga aloqasi yo‘q furqatliklar tuman hokimligi vakolatlari doirasidan chiqmayotganini ishonch bilan aytdi.

Biroq “hokim marshruti” degan tushuncha mavjudligi obodonlashtirish ishiga farg‘onacha yondoshuvning hanuz eskicha - xo‘jako‘rsin - xo‘jayin ko‘rsin qabilida qolib ketayotgani belgisidir.

Ozodlikka kelgan shikoyat

Fargona viloyati Furqat tumaniga Prezident keladi degan gap bor 2 oydan beri. Prezidentning kelgani yaxshi, lekin Prezidentning kelishi Furqat tumanida yashovchilarga qimmatga tushmoqda, chunki xokimyat xodimlari yo’lni boyida yashovchi axolini qiynamoqda, bular Prezidentga koz boyamachilik qilib axolini majburyblab uyini remont qildirmoqda. Pulimiz yoq deganlarga esa ichki ishlar xodimlari, xokimyatdagilar, domkomlar, ishqilib, kopchilik bolib uyga kelib majburlashyapdi, deyilgan Furqatdan kelgan xatda.

Maktub muallifi Ozodlikdan ism-familiyasini sir saqlashni so‘radi.

Tuman hokimligi mulozimi javobi

Furqat tuman hokimligining yuqori lavozimli xodimi Ozodlik muxbiri o‘qib bergan shikoyatni diqqat bilan tingladi va unda qilingan iddaolarni keskin rad etdi:

- To‘g‘ri, markazda obodonlashtirish ishlari olib borayapmiz. Bu ishlarni Navro‘z arafasida ham qildik. Odamlardan ko‘p narsa talab qilmayapmiz. Uyining nuragan joylarini suvab qo‘yishni, oqlashni, daraxtlarni butashni, supurib sidirishni talab qilayapmiz, xolos. Buning nimasi yomon?! deb hayron bo‘ldi mulozim.

Uning aytishicha, "ko‘cha bo‘yidagi uylarni qimmatga tushadigan remont qilishga hokimlik hech kimni majburlayotgani yo‘q", bu ishga ichki ishlar xodimlari jalb etilgani to‘g‘risidagi iddao esa, "bo‘hton"dir.

Qishloq fuqarolar yig‘ini raisining aytganlari

Furqat tumani markazi – Navbahor shaharchasi fuqarolar yig‘ini raisi Isoqjon Murodovning Ozodlikka aytishicha, markaziy ko‘chadagi ishlarning ko‘lami hokimlik mulozimi aytganday, oqlash va supurib-sidirishdan ko‘ra kengroqdir.

Uning aytishicha, markaziy ko‘cha bo‘yida joylashgan uylarning qizil chiziqqa chiqib ketgan qismlari buzdirilmoqda. Yo‘l kengaytirilishi, piyodalar yo‘lagi tushishi kerak. "Lekin bu ishlar yaxshi gap bilan, tushuntirish bilan amalga oshirilayapti".

Xolis fikr

Furqatlik 68 yashar fermer Ochil Begmatovning shikoyatchilarga ham, hokimlikka ham aloqasi yo‘q. Aytishicha, uning tuman markazidagi markaziy ko‘cha bo‘yida qurgan binolari ham bor.

Shikoyat mazmuni bilan tanishtirganimizdan so‘ng, Ochil Begmatov, bunday dedi:

- Ular (Ozodlikka kelgan shikoyat mualliflarini nazarda tutayapti – tahr.) mening oldimga ham kelgan. Bular Toshkentga, Prezident devoniga ham borgan arz qilib. Bularga 20 yil muqaddam boshqa joydan er berilgan yangi imorat qurish uchun. Bularning uyi buzilib, yo‘l kengaytirilishi, kollej o‘quvchilari yuradigan piyodalar yo‘li qurilishi kerak. Men, to‘g‘risi, hokimni yaxshi ko‘raman, deya olmayman. Lekin shu joyda haqiqatni aytishim kerak. Bu masalada hokimlik haq, dedi Ochil Begmatov.

Bir qarashda, masala batamom ayon bo‘lganday: fuqaro har doim ham haq emas, hokimlik har doim ham nohaq emas.

Marshrutga tushgan ko‘cha

Tuman hokimligi mulozimi tuman markazidagi ko‘chani nazarda tutib, “marshrutga tushgan ko‘chalar”, degan iborani ishlatdiki, undan shu iborani tushuntirib berishni so‘radik.

- Marshrut degani... viloyat hokimi yuradiku, u yoqqa o‘tadi, bu yoqqa o‘tadi, Beshariqqa o‘tadi. Hokim o‘tayotgan yo‘lda devorlar ag‘anab yotgan, shiferlar qiyshayib yotgan, daraxtlar butalmagan, oqlanmagan bo‘lsa, hokimning ko‘zi tushadimi, axir?! dedi mulozim to‘lqinlanib.

Marshrutga tushmayotgan viloyat

Ha, aytgancha, Ozodlikka shikoyat yo‘llagan furqatliklar obodonlashtirish ishlarini Mirziyoevning Farg‘onaga kutilayotgan tashrifi bilan bog‘lagan edi.

Viloyat markazida yashaydigan ikki tinglovchimizning bir-biridan mustaqil ravishda aytishicha, Prezident Mirziyovni Farg‘onada 2 oydan buyon kutishmoqda. Bu davr ichida bog‘cha opalar, kasalxonalar hamshiralari va boshqa shu kabi xodimlar kamida 3 marta shahar tozalashga safarbar qilindi, yo‘llar o‘rtasiga o‘rnatilgan to‘siqlar bir necha marta yuvildi.

Lekin Mirziyoevdan Farg‘onada darak yo‘q.

Mirziyoev bugun Navoiyda bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG