Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:42

Karimovdan qolgan meros Mirziyoevning nutqidagi raqamlarda aks etdi


Vazirlar Mahkamasining 14 yanvarda o‘tkazilgan kengaytirilgan majlisi Islom Karimov davridagi shunday majlislardan farq qildi.

Prezident Mirziyoev har chiqishida marhum prezidentning hurmatiga aytadigan gaplarini bu gal ham takrorlagani hisobga olinmasa, boshqa maqtov bo‘lmadi. Prezident nutqi tanqid, tanqid va yana tanqiddan iborat bo‘ldi.

Prezident o‘z nutqida 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalar ekan, mamlakat oldida turgan vazifalarni bunday belgiladi:

"Birinchidan, nima sababdan o‘tgan yilda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning ayrim ko‘rsatkichlariga erishilmadi? Buning uchun kim shaxsan javob beradi?

Ikkinchidan, 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilab olishimiz zarur.

Uchinchidan, kelgusi besh yil davomida qanday strategik vazifalarni amalga oshirishimiz kerak?"

Shavkat Mirziyoev majlis ahli e’tiboriga havola qilgani shu savollarga o‘zi javob berar, ya’ni vaziyatni tahlil qilar ekan, bir necha o‘n raqam keltirdiki, quyida uning nutqidan olingan o‘sha raqamlarni keltiramiz.

Bu raqamlar mamlakatning Birinchi prezidentidan qolgan meros – O‘zbekistondagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol to‘g‘risida muayyan tasavvur hosil qilishi mumkin.

Barcha raqamlarni keltirishdan oldin bir-ikki misol:

$650 mln. - o‘tgan yili shuncha pullik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgan.

1,5 million odam - O‘zbekistonda yiliga shuncha kishini ishga joylashtirishga ehtiyoj bor. O‘tgan yili Bandlikka ko‘maklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan.

18 trln. so‘m – mamlakat bo‘yicha shuncha debitor qarzdorlik mavjud, bu miqdorning 11 trillion so‘mi yoki 60 foizi oxirgi 3 yil mobaynida cho‘zilib kelyapti.

Mana endi prezident nutqida keltirilgan raqamlar va ularga bog‘liq hodisalar bilan tanishing. Ular nutqda qay tartibda kelgan bo‘lsa, o‘sha tartibda berayapmiz.

Demak,

$20 mlrd. - shuncha mablag‘ - kapital qo‘yilmalar «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tizimiga sarflangan, lekin suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish kamaygan.

40 ming kishi - «O‘ztransgaz» kompaniyasi tizimida shuncha ishchi-xizmatchi bor. Debitor qarzdorlik 14 foizga oshgan.

67 ming kishi - “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida shuncha ishchi-xizmatchi, jumladan, qo‘shtirnoq ichidagi «pul yig‘uvchi»lar mavjud. Ular debitor qarzdorlikka barham bera olmayapti.

2,8 barobar - mamlakat avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi keyingi 3 yilda shunchaga kamaygan. Bu sohada import hajmi eksportdan bir necha barobar yuqori bo‘lib, mahalliylashtirish darajasi esa, importga nisbatan 20 foizdan ham past bo‘lib qolmoqda.

50% dan kam - bu mamlakat ichki bozorining ko‘plab tovarlarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilish darajasi.

13 % - Xalqaro standartlashtirish tashkilotining 21 ming standartidan shuncha foizigina O‘zbekistonda joriy etilgan.

$1 mlrd. 540 mln. - o‘tgan yili shuncha miqdordagi prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmay qoldi. Shundan 570 million dollari Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli korxonalarga to‘g‘ri keladi. 970 million dollar miqdoridagi ko‘rsatkichlar esa hududlardagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarilmagan.

176 tadan 138 taga - O‘zbekistonning mahsuloti eksport qilinadigan mamlakatlar soni 2010 yilga nisbatan shunchaga kamaygan.

O‘nlab marta - mashinasozlik kompleksi, «O‘zfarmsanoat» kontserni va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda import hajmi eksport hajmidan shunchaga ko‘p.

25-30 % dan oshmaydi - «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tizimida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi import miqdoriga nisbatan.

$10 mlrd. 800 mln. - shuncha hajmdagi mahsulot eksportini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

$650 mln. - o‘tgan yili shuncha pullik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgan.

66 ta - O‘zbekistonning shuncha tumani meva-sabzavot etishtirishga ixtisoslashgan.

2 ming 500 nafar vrach sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, eng avvalo, qishloq vrachlik punktlarida etishmaydi.

30 mingdan ziyod o‘zbekistonlik diagnostika darajasi pastligi va vrachlarning malakasi yetarli emasligi natijasida davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga bormoqda.

174 ta jinoyat ishi o‘tgan yili tibbiyot sohasida qo‘zg‘atilgan.

45% - mamlakat dorixonalarida mavjud qimmat dorilar, narxi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar hajmi shunchadir.

1 trln 230 mlrd so‘m - shuncha pul so‘nggi 5 yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan ajratilgan.

340 nomda - dori vositalari va tibbiyot buyumlari chegaralangan narx bo‘yicha sotilishi lozim.

18 ta shahar va posyolkaning 2012-2015 yillarda ishlab chiqilgan bosh rejalari haligacha tasdiqlanmagan.

17% - litsenziyaga ega bo‘lgan 850 ta loyiha tashkilotlarining atigi shunchasi, ya’ni 147 tasi investitsiya dasturlarini amalga oshirishga jalb etilgan.

80-yillar darajasida qolib ketgan O‘zbekistondagi loyiha institutlarining moddiy-texnik bazasi.

"Davlat mablag‘lari va resurslari talon-taroj qilinmoqda. O‘tgan yili inspektsiyalar tomonidan pudrat ishlari hajmi 4 milliard 700 million so‘mga kamaytirilgan. 24 mingta loyiha ekspertizadan o‘tkazilganida ularning narxi 1 trillion 500 milliard so‘mga kamaytirilgan".

$400 mln. - o‘tgan yili shuncha pulga O‘zbekistonda mahalliylashtirilgan mahsulot chetdan import qilingan.

«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida o‘tgan 8 yil mobaynida atigi 24 ta loyiha amalga oshirilib, ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi juda past va atigi 900 ta odam ishga joylashtirilgan. O‘tgan yili esa mahsulot ishlab chiqarish hajmi 24 foizga pasaygan.

30% - xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish shunchaga tushib qolgan.

25 yil - shuncha vaqtdan buyon Moliya vazirligining asosiy vazifa va funktsiyalari tubdan qayta ko‘rib chiqilmagan.

16 ming odam - Moliya vazirligi tarkibida shuncha xodim ishlaydi. Markaziy apparat haddan tashqari kengayib ketgan, hududiy organlar, G‘aznachilik, Nazorat-taftish boshqarmasi, Pensiya jamg‘armasi va yana 4 ta maxsus jamg‘arma mavjud. Ularni saqlash uchun byudjetdan har yili 350 milliard so‘m xarajat qilinadi.

18 trln. so‘m - shuncha debitor qarzdorlik mavjud, bu miqdorning 11 trillion so‘mi yoki 60 foizi oxirgi 3 yil mobaynida cho‘zilib kelyapti.

G‘aznachilik va Nazorat-taftish boshqarmasining apparatlari haddan tashqari kengayib ketgan. Ularda jami 4 ming nafar xodim ishlaydi va ularning xarajatiga yiliga 90 milliard so‘m davlat mablag‘i sarflanadi

200 mlrd.so‘m - o‘tgan yilning o‘zida 22 mingta tashkilotda jami shuncha miqdordagi mablag‘ o‘zlashtirilgan va ularni boshqa maqsadlar uchun sarflash holatlari aniqlangan

1,5 million odam - O‘zbekistonda yiliga shuncha kishini ishga joylashtirishga ehtiyoj bor. O‘tgan yili Bandlikka ko‘maklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan.

1 ming 27 ta - shuncha ob’ekt "Nol" qiymati bo‘yicha sotilgan. Lekin ularning ko‘pchiligi, ba’zilarini hisobga olmaganda, ishga tushirilmagan va vayrona holida yotibdi.

119 ta aksiyadorlik jamiyatidan faqat yarmining 15 foizlik ulushi xorijiy investorlarga sotilgan?

60-65% - Kosonsoy, Angor, Muzrabot, Qiziriq, Sherobod, Quyichirchiq, Qo‘shtepa tumanlarida paxta sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari o‘tgan shunchaga bajarilgan xolos. Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlarida bir qator tumanlar va fermer xo‘jaliklarida kutilgan darajada paxta hosili olinmadi. Zarbdor, Paxtakor, Arnasoy, Mirzaobod, Xovos, Sardoba, Guliston, Chust va Bekobod tumanlarida davlat zaxirasi uchun g‘alla yetkazib berish majburiyatlari bajarilmagan.

300 mlrd. so‘m - shuncha pul joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, Moliya vazirligi va uning huzuridagi Jamg‘arma rahbariyati fermer xo‘jaliklariga to‘lab berilmagan.

20% - O‘zbekistonda meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi shu darajaga ham etmaydi.

53% - bu eksport tarkibida ip-kalavaning ulushi miqdoridir.

41% - bu aholining poyabzalga bo‘lgan ehtiyojini qondirish darajasidir.

27% - bu maktabgacha ta’lim muassasalari qamrab olgan bolalar miqdori.

Yaqinda tasdiqlangan dasturga ko‘ra, bu yo‘nalishda 2 ming 200 ta muassasaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.

2016 yilda Davlat xizmatlari yagona portaliga 534 ming fuqaro va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlardan 6 mingdan ortig‘i yoki ko‘rib chiqilmagan, yoki ularga o‘z vaqtida javob berilmagan.

XS
SM
MD
LG