Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:37

Hokimlik va’dasiga qaramay Asakadagi maktab ta’mir uchun yopildi


Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 59-umumta’lim maktabi ota-onalar noroziligiga qaramay¸ ayni qish chillasida ta’mir uchun yopildi. Noyabr oyida tuman hokimligi vakillari norozi ota-onalar bilan suhbatlashib, maktab qish payti yopilmasligini va’da qilgan edi.

16 yanvardan boshlab Asakadagi 59-maktab ta’mir uchun yopildi, uning o‘quvchilari esa tumandagi beshta maktabga tarqatildi. Bu haqda Ozodlikka shu maktabda qizi o‘qiydigan asakalik ayol ma’lum qildi.

"Ota-onalar hammasi uvillayapti, qarg‘ayapti, padaringga ming lan’at, deyapti. Qish chillasida maktabni remont qilishga balo bormi? Ozodlik noyabr oyida qish payti maktab yopilishini tanqid qilib chiqqach, zamhokim kelib, "Bolalaringizni qishda qiynamaymiz" deb va’da berib ketgandi. Lekin bizni aldashdi. Shanba kuni birdaniga ko‘chish haqidagi gap chiqdi. Shanba obeddan keyin maktabni ko‘chirish boshlandi. Dushanbadan bolalarimizni boshqa maktablarga jo‘natish haqida aytib chiqishdi", dedi o‘quvchi qizning onasi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Maktabning qish chillasida yopilganidan norozi ota-onalardan yana biri o‘g‘li 7 kilometr uzoqlikdagi boshqa maktabga qatnashga majbur qolayotganidan shikoyat qildi.

"O‘g‘lim 7 kilometr uzoqlikda joylashgan Gez zonasidagi 25-maktabga qatnayapti. Bu maktabga borish uchun o‘g‘limni ertalab soat 6 dan uyg‘otayapmiz. Tonggi sovuqda yo‘lga chiqib, soat 8 da maktabga yetib borish kerak. Bu maktabga 59-maktabning 1-4-sinflari jo‘natildi. Boshqa sinf o‘quvchilarini 10, 30, 53 va 58-maktablarga jo‘natishdi", dedi o‘g‘li 59-maktabda o‘qiydigan erkak.

Uning hisob-kitobicha, o‘g‘lini maktabga olib, borib kelish uchun bir oylik yo‘l kirasiga 200 ming so‘mga yaqin pul ketadi:

"O‘g‘lim 1-sinfda o‘qiydi. Uni yolg‘iz o‘zini jo‘nata olmaymiz. Har kuni o‘zim uni taksichilik qiladigan Damaslarga chiqib, ertalab olib borib, darsdan keyin olib kelayapman. Bir kishi uchun borib-kelish 7-8 ming so‘mga tushadi. Puli yo‘qlar esa bechora bolalarini sovuqda peshkom jo‘natayapti", dedi asakalik erkak.

59-maktabda qizi o‘qiydigan asakalik ayol sinf xonalarining sovuqligidan shikoyat qildi.

"Bolalarimiz sinf xonalarida paltolarini yechmasdan o‘tirishibdi. Biror kasallikka chalinmasa¸ deb qo‘rqayapmiz. Isitish sistemasi ishlamayapti ekan. Qo‘shnimning aytishicha, o‘g‘lini qo‘shni qishloqdagi maktabning sport zaliga joylashtirishibdi. Ularda voobshe sovuq ekan. Ota-onalar hammasi xavotir olib o‘tiribdi", dedi asakalik ayol.

Ozodlik 23 noyabr kuni 59-maktabning ko‘chirilishidan ota-onalar noroziligi haqida maqola e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib, Asaka tuman hokimligi vakillari maktabga borib, ota-onalar bilan suhbatlashgan va ta’mirning yozga qoldirilganini bildirgan edi.

Ota-onalar shikoyatiga munosabat bildirgan 59-umumta’lim maktabi direktori Dilfuza Jo‘raboeva Ozodlik bilan suhbatda maktab ta’mirining nega aynan qishda boshlanayotganini izohlashga uringan edi.

“Davlat dasturiga tushganidan keyin, ish ko‘p bo‘ladi. Tomni yopadi, issiqlik sistemasini o‘nglaydi. Quruvchilarga bolalar xalaqit berish kerak emasda. Muhimi¸ maktabning kapital ta’mirdan chiqishi”, degan edi Dilfuza Jo‘raboeva.

Asaka tuman Xalq ta’limi bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 59-maktab ta’miri joriy o‘quv yili oxirigacha davom etadi.

Ta’lim bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, ota-onalar maktab ta’miri borasida oldindan ogohlantirilgan va ularning roziligi olingan.

"Ota-onalar ta’mirga rozi bo‘lishgan. Maktab ta’mirlansa, o‘zlariga yaxshi-ku, bolalari yaxshi sharoitda o‘qiydi. O‘quvchilar eng yaqin joydagi maktablarga ko‘chirilgan. Agar joylashtirilgan maktabni uzoq deb bilgan ota-ona o‘ziga yaqinroq maktab bilan gaplashib, unga bolasini joylashtirishiga ham ruxsat berdik. Bu yerda norozilik qilishga biror asos yo‘q", dedi ta’lim bo‘limi mulozimi.

Bu Andijon viloyatida ayni qish pallasida maktab ta’mirining boshlanishiga oid birinchi holat emas.

O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Andijon shahrida joylashgan 37-sonli o‘rta ta’lim maktabi ham ta’mir ishlari uchun yopilgan edi.

XS
SM
MD
LG