Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:11

Shvetsiya prokurori: Gulnora Karimova ishida ilgari siljish bor!


Gunnar Stetler Shvetsiya prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Yevropada eng tanilgan prokurorlaridan hisoblanadi.
Gunnar Stetler Shvetsiya prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Yevropada eng tanilgan prokurorlaridan hisoblanadi.

Shveytsariyalik prokurorlarning Toshkentda uy qamog‘ida saqlanaëtgan Gulnora Karimovani so‘roq qilganiga oid xabarni sharhlagan Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi direktori Gunnar Stetler¸ o‘z idorasining Karimovani so‘roq qilishga oid so‘rovlariga Toshkentdan javob bo‘lmaganiga qaramay¸ bu savol-javobni Yevropa davlatlarida boraëtgan jinoiy ishlardagi ilgari siljish deb baholadi.

- Biz shveytsariyalik hamkasblarimiz bilan juda yaqindan ishlayapmiz. Hozircha sizga faqat shuni ayta olaman. Bu ishda jiddiy progress bor va yil oxiriga qadar ishning sudga oshirilishiga umid qilib turibmiz¸ dedi Shvetsiya prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bosh prokurori Ozodlik bilan suhbatda.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera shirkati 2007 yilda O‘zbekiston telekom bozorida biznes qilish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida o‘sha vaqtdagi prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan tuzilgan noqonuniy bitimga binoan unga tegishli offshor shirkatlariga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda ayblanmoqda.

Shvetsiya prokuraturasining Gunnar Stetler boshchiligida ushbu ayblov yuzasidan 2012 yildan beri olib borayotgan tergovi davomida¸ shirkatning eng yuqori rahbarlari ishdan ketdi¸ nafaqat TeliaSonera, balki boshqa qator telekom shikatlari yuzlab million dollarlik jarimaga hukm etildi¸ hatto TeliaSonera global imijini saqlab qolish uchun o‘z nomini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Ozodlik bilan 16 yanvar kungi suhbatda janob Stetler¸ shunga qaramay¸ bu jaraënning hali oxiriga yetmaganini ta’kidladi:

- Bu ishning juda muhim ikki jihati bor. Birinchisi¸ pora bergan shaxslarni javobgarlikka tortishdir. Agar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning poraxo‘rlikka qarshi konvensiyasiga e’tibor bersangiz¸ uning birlamchi maqsadi pora beraëtgan shirkatlarni jazolashdir. Hozircha shirkatlar katta jarimalarga tortildi¸ lekin biz pora berishda qatnashgan shaxslarning aybini isbotlab¸ ularni jazolashimiz kerak. Ikkinchisi¸ albatta¸ poraga berilgan pullarni musodara qilishdir. Pora olganchi¸ u jazolanmay qoladimi¸ degan haqli savolga kelsak¸ albatta¸ jazolanishi kerak. Lekin aynan bu ishda Gulnora Karimova yoki boshqa shaxslarning Shvetsiyaga kelib¸ sud oldida javob berishiga O‘zbekiston rasmiylari osonlikcha ruxsat bermaydi¸ deb o‘ylayman. Bersa¸ ochig‘i¸ bundan hayratga tushgan bo‘lardim¸ deydi Shvetsiya Bosh prokuraturasinin Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetler.

AQShda chiqadigan Wall Street Journal nashriga ko‘ra¸ 9-10 dekabr kunlari Shveytsariya prokurorlari¸ mamlakat mahkamasi tomonidan tayinlangan advokat ishtirokida Gulnora Karimovani jami 23 soat davomida so‘roq qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu 2012 yil yozida Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimovaning biznes sheriklariga qarashli bank hisoblaridagi 800 million dollarga yaqin pulni muzlatganidan beri shveytsar prokurorlarining Karimova bilan birinchi bor yuzma-yuz savol-javob qilishidir.

Bu pullarning korruptsiya va pul yuvishga aloqadorlik ayblovi asosida muzlatilishiga muvaffaq bo‘lgan Shveytsariya prokuraturasi¸ 2013 yil sentyabrida ularning asl egasi deb 2012 yilgacha O‘zbekistonning Jenevadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy namoyandasi bo‘lib ishlagan Gulnora Karimova ekanini rasman gumonlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG