Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:51

Saratovda avtohalokatda nobud bo‘lgan 7 kishi orasida o‘zbekistonliklar bor


Yakshanba, 15 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Saratov viloyati Petrovskiy tumanida sodir bo‘lgan avtohalokatda 7 mehnat muhojiri, jumladan 2 o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi. Katta yuk mashinasi bilan yuzma-yuz to‘qnashib ketgan minivenda ketayotgan migrantlar pasportlariga kirdi-chiqdi muhrini urib, chegaradan qaytayotgani ma’lum bo‘ldi. Youtube tarmog‘ida hodisa joyidan olingan videokadrlar paydo bo‘ldi.

Joriy yilning 15 yanvarga o‘tar kechasi Nijniy Novgorod - Saratov yo‘nalishida borayotgan Toyota rusumli miniven Volvo rusumidagi yuk mashinasi bilan yuzma-yuz to‘qnashib ketdi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Penza viloyatidagi O‘zbeklar jamiyati faoli Satimboy Berdiev Saratov viloyati, Petrovskiy tumani, Tarumovka qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan halokatda 7 nafar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vatandoshlarining barchasi nobud bo‘lganini aytdi.

- To‘rttasi - Qirg‘izistondan, ikkitasi - O‘zbekiston va yana biri Tojikistondan ekan. Men hozir FMS ma’lumotlar bazasiga borib tekshirdim – ular hammasi Moskvada, Ximki shahrida registratsiyada turgan, shu erda bitta firmada ishlagan. Ular bir yillik patentlari tugagani sababli chegaraga borib qaytayotgan bo‘lgan. Tojikiston va Qirg‘iziston jasadlarni olib ketishini bildirgan. Ikkala o‘zbekistonlikning qarindoshlari boribdi olib ketgani, dedi Satimboy Berdiev.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning yaqinlariga zaruriy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilayotganini xabar qildi.

O‘zbek jamiyati rahbari tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, Petrovskiy tumanidagi avtohalokatda nobud bo‘lganlar orasida 2 o‘zbekistonlik bor:

1. Lyudmila Bozorova, 1975 yilda tug‘ilgan, Yangier shahridan;

2. Abdusalomov Zayniddin Abdurashid o‘g‘li, 1992 yilda tug‘ilgan.

Shuningdek, Ozodlikka avariyada o‘lgan to‘rt qirg‘izistonlikning ismi ma’lum bo‘ldi. Bular 1970 yilda tug‘ilgan bozorqo‘rg‘onlik Aydarbek Moldoshev, 1974 yilda tug‘ilgan Almazbek Anashev, 1988 yilda tug‘ilgan Dolatbek Boronov, 1983 yilda tug‘ilgan Jazgul Kasimovalardir.

Konibodomlik 40 yashar Elyor Nug‘monov yo‘l-transport hodisasida nobud bo‘lgan yagona tojikistonlik ekani aniqlandi. Bu shaxslarning hammasi Moskvada qayd etilgan “Vimpel-Stroy” qurilish shirkati ishchilari bo‘lgani mahalliy ma’muriyat tomonidan ochiqlandi.

Avtohalokatda nobud bo‘lgan mehnat muhojirlari jasadlari Petrovskiy tuman shifoxonasi morgida qolmoqda.

Ayni paytda, Youtube tarmog‘ida bevosita hodisa joyidan telefonga olingan videokadrlar paydo bo‘ldi. Unda majaqlanib ketgan O71-91S raqamli miniven va zarba kuchidan kyuvetga chiqib ketgan pritsepli yuk mashinasi oldida olib borilayotgan qutqaruv ishlari aks etgan.

Hodisa sabablari to‘g‘risida fikr bildirgan Saratov viloyati qutqaruvchilari Volvo haydovchisi mashinada uxlab qolgani va qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketganini taxmin qilmoqda. Yuzma-yuz to‘qnashuv tufayli katta tezlikda ketayotgan engil mashinadagi odamlarga tirik qolish imkonini qoldirmagani aytildi.

- Toyota mikroavtobusida xalok bo‘lgan yo‘lovchilar jasadlari gidravlika uskunalari yordamida mashinadan chiqarib olindi va politsiya xodimlariga shaxsini aniqlashga topshirildi, dedi hodisa joyida qutqaruv ishlarini olib borgan MChS xodimlaridan biri.

2013 yilda Samaradagi avtohalokatda 13 muhojir nobud bo‘lgan
2013 yilda Samaradagi avtohalokatda 13 muhojir nobud bo‘lgan

​Hozirda yo‘l harakati qoidasini buzgan Volvo rusumidagi yuk tashuvchi mashinaning 33 yashar haydovchisi qo‘lga olingani, hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi JK 264 moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgani aytilmoqda. Volvo haydovchisi qonida alqogol yoki narkotik moddalari borligi tasdiqlanmadi.

Ozodlik Rossiyada qayd muddati tugagan va pasportiga kirdi-chiqdi muhrini urish maqsadida chegaraga borayotgan yoki kelayotgan o‘nlab avtohalokatlarda nobud bo‘layotgan, turli jarohatlarni olayotgan mehnat muhojirlari to‘g‘risida xabar berib keladi.

XS
SM
MD
LG