Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:33

Irkutskda yong‘inda ikki o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi


Rossiyaning Irkutsk shahrida 17 dekabr kuni sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bir erkak va bir ayol nobud bo‘ldi. Ma‘lum bo‘lishicha, muhojirlar ertasi kuni O‘zbekistonga uchib ketishi kerak bo‘lgan.

17 dekabr kechasi soat 2 larda Irkutsk shahrining Aleksandr Nevskiy ko‘chasidagi yog‘och uyga o‘t ketishi oqibatida bir ayol va bir erkak nobud bo‘ldi.

Ozodlikka bu xabar tafsilotlarini gapirib bergan o‘zbekistonlik Ulug‘bek muhojirlar ertasi kuni samolyotga chipta olib qo‘ygani va uchib ketishi kerakligini ma‘lum qildi.

- Shunday bo‘lganki, bu yigit qurilish kompaniyasida raznorabochiy bo‘lib ishlardi. 21 yoshda, ismi Hasanboy, Toshkentning Chirchig‘idan bo‘lsa kerak. Bir yil ishlab uyga ketadigan payti bilet olib qo‘ygan edi. Payshanba kuni, kecha, uchib ketishi kerak edi. O‘sha kuni uje ishdan bo‘shagan edi, uyga ketaman deb. U xolasi bilan qurilish firmasidan berilgan yog‘och uyda turardi, ko‘p qavatli uylar oldida edi. Provodkadan o‘t chiqqanmi - nima bo‘lgan bilmayman - is gazidan dimlanishib, ikkalovi o‘lgan, uy yonib ketgan,- deydi Irkutskda o‘zi ham muhojirlik qilayotganini gapirgan Ulug‘bek.

Suhbatdosh yonib ketgan uy tashlandiq holatda bo‘lib, yaqin orada buzilishi kerak bo‘lganini ham aytdi. U hozirda xola-jiyan mayitilari ish beruvchining moddiy ko‘magi yordamida O‘zbekistonga jo‘natilganini ma‘lum qildi:

- Qurilish korxonasi ishdan chiqib ketgan bo‘lsa ham “ishchimiz edi”, deb tobutni samolyot bilan jo‘natishga mablag‘ ajratdi – 200 ming rubl. Ertaga Irkutskdan Toshkentga to‘g‘ri reys bilan uchib borishi kerak, agar samolyotga bilet olishga ulgurgan bo‘lsa,- dedi baxtsiz hodisa tafsilotlarini aytib bergan Ulug‘bek.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Irkutsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi Ozodlikka Aleksandr Nevskiy ko‘chasidagi buzilishga tayyorlangan yog‘och uyda yong‘in to‘g‘risidagi xabar kechasi soat 2:28 da qabul qilingani va uni o‘chirishda uch mashina va 11 nafar o‘t o‘chiruvchi ishtirok etganini bildirishdi.

Mutaxassislarning dastlabki taftishlariga binoan, bino ichkaridan yongan. Jasadlardan biri uyga kirishdagi yo‘lakda, yana biri – ichkari xonaning krovatida topilgan.

Boshqarma navbatchisi “Raskin Uyi” deb nomlangan bu uy 1860 yilda qurilgani va Irkutskning arxitektura yodgorligi sanalganini ham qo‘shimcha qildi. Shu sababli uyning keyingi taqdirini hal etish masalasi shahar ma‘muriyati tomonidan ko‘rilayotgan bo‘lganini bildirdi rasmiy.

“Vesti-Irkutsk” telekompaniyasining “Mobil muxbir” dasturida Nevskiy ko‘chasidagi bu uy yonayotgani va uning atrofida o‘t o‘chiruvchilar ish olib borayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 2012 yilning 17 agustida ham Irkutsk shahrida yongan yog‘och uylardan birida uch erkak kishi yonib ketgan, bir ayol jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan. Hodisa joyiga kelgan tergovchilar o‘lganlar shu o‘zbekistonlik ayolning eri va o‘g‘li, uchinchi shaxs – ularnikiga kelgan mehmon ekanini aniqlagan.

XS
SM
MD
LG