Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:28

Jihodchilar faol davlatlarga borgan o‘zbekistonliklar Yevropaga kiritilmasligi mumkin


Evropa Ittifoqiga a‘zo aksar davlat hududida erkin harakatlanish imkonini beruvchi Shengen vizasiga murojaat qilgan o‘zbekistonliklardan Albaniya¸ Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Suriya¸ Birlashgan arab amirliklari¸ Misr¸ Iroq¸ Eron kabi davlatlarga borgan-bormaganliklari ochiqlangan qo‘shimcha anketani to‘ldirish so‘ralmoqda. Bu davlatlarga qilingan sayohat¸ taxminlarga ko‘ra¸ Shengen vizasi berilmasligiga asos bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonlik jurnalist Sergey Yejkov Shengen hududiga kirgan Yevropa davlatlaridan birining Toshkentdagi elchixonasiga viza uchun murojaat qilganida¸ asosiy anketadan tashqari yuqorida nomlari keltirilgan davlatlarga borgan-bormagani so‘ralgan qo‘shimcha so‘rovnomani to‘ldirish so‘ralganini yozdi:

- Shengen vizasi uchun hujjat topshirish paytida ular alohida qog‘ozni to‘ldirishni so‘rashdi. Bu qog‘ozda esa¸ Albaniya¸ Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Suriya¸ Birlashgan arab amirliklari¸ Misr¸ Iroq¸ Eron kabi davlatlarga borgan-bormaganingiz haqida ma‘lumot taqdim qilishingiz so‘raladi. Bu davlatlarga borganlik¸ avtomatik tarzda Shengen vizasi berilmasligini anglatadimi-yo‘qmi¸ bunisi menga qorong‘u. Ammo bu savollarga tasdiq javobi viza so‘rovi rad etilishiga asos bo‘lishi mumkin¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Uzmetronom Internet gazetasi muharriri Sergey Yejkov.

Jurnalist¸ asosiy anketaga qo‘shimcha bunday so‘rovnomani to‘ldirish Shengen hududiga kirgan qaysi davlat elchixonasi tomonidan so‘ralayotganini ochiqlamadi.

Taxminlarga ko‘ra¸ ro‘yxatga kiritilgan davlatlar Suriya va Iroqdagi islomiy jihodchilarga odam yollash va ularni jihodga jo‘natish borasida jiddiy xavotir uyg‘otayotgan mamlakatlardir. Shuningdek¸ ro‘yxatdagi ayrim davlatlarning turli radikal islomiy oqim va guruhlar nisbatan erkin faoliyat olib borayotgani uchun Yevropa hukumatlarida xavotir uyg‘otayotgani bois ro‘yxatga qo‘shilgani aytilmoqda.

Shengen kelishuvi a‘zosi bo‘lgan YeI davlatlaridan birining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bunday so‘rovnoma joriy qilish ostidagi mantiqni tushunish qiyin emasligini ta‘kidladi.

- Albaniya¸ Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Suriya¸ Birlashgan arab amirliklari¸ Misr¸ Iroq¸ Eron kabi davlatlarga borganlarning Yevropaga kirishi bilan bog‘liq muayyan tahlikalar mavjudligi sir emas. O‘ylashimcha¸ Shengen vizasi berish qoidalarining ana shu tahlikadan kelib chiqib yaqin orada keskinlashtirilishini kutish mumkin. Lekin hozircha bunday amaliyot bizning konsulligimiz tomonidan qo‘llanilayotgani yo‘q. Bu ishni¸ bilishimizcha¸ chiqish vizasiga murojaat qilgan o‘zbekistonliklardan o‘z huquq tizimlari¸ xususan¸ OVIR rasmiylari talab qilmoqdalar¸ dedi Shengen kelishuviga a‘zo bo‘lgan Yevropa elchixonalaridan birining shaxsi ochiqlanmasligini istagan rasmiysi.

Suriya va Iroqning kattagina hududini ishg‘ol qilib¸ bu yerda Islomiy xalifat o‘rnatilgani iddaosi bilan diniy-mazhabiy¸ irqiy va milliy terror joriy qilgan Islomiy davlat deb atalayotgan guruh safida bir necha ming o‘zbekistonlik borligi taxmin qilinmoqda.

Keyingi oylar davomida O‘zbekiston maxsus xizmatlari fuqarolarning Suriya va Iroqdagi jihodchilar safiga qo‘shilishini to‘xtatish¸ qo‘shilganlarni esa aniqlab¸ ularni jazolash kampaniyani keskinlashtirmoqda.

Ozodlikning respublika janubiy viloyatlaridan biri huquq tizimidagi manbasi¸ kuzatuv va tekshirishlar O‘zbekiston fuqarolarining Suriya va Iroqqa¸ asosan¸ Rossiya va Ozarbayjon hududidan jo‘nab ketayotganini ko‘rsatganini bildirdi.

“Shuning uchun nafaqat chiqish vizasi¸ balki yangi nusxadagi pasportga hujjat topshirayotgan¸ ayniqsa¸ yosh yigitlarning hozirgacha qaysi davlatlarga borganiyu¸ yangi pasport olgandan keyin qayerga bormoqchi ekani MXX xodimlari o‘tkazayotgan maxsus suhbatda obdon tekshirilmoqda”¸ dedi Ozodlik manbasi.

Rasmiy manba O‘zbekiston fuqarosining ayrim Yevropa elchixonalari maxsus so‘rovnomaga kiritgan Albaniya¸ Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Suriya¸ Birlashgan arab amirliklari¸ Misr¸ Iroq¸ Eron kabi davlatlarga borgan-bormaganligi¸ O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan maxsus o‘rganilayotganini tasdiqladi.

Evropa maxsus xizmatlariga ko‘ra¸ ayni kunlarda Suriya va Iroqdagi jihodchilar safida bir necha ming Britaniya¸ Germaniya¸ Frantsiya va Ispaniya fuqarosi bor. Alohida lagerlarda terror xurujlari amalga oshirish uchun tayyorlangan¸ jihodchilarning shavqatsiz amaliyotlarida bevosita qatnashayotgan bu fuqarolarining Yevropaga qaytib ayni harakatlarni YeI hududida amalga oshirish ehtimoli huquq tizimlarini xavotirga solmoqda.

Ana shu xavotir ortidan Britaniya Bosh vaziri Suriya va Iroqdagi jihodda qatnashganlikda gumonlangan o‘z fuqarolarini mamlakat hududiga kiritishni ta‘qiqlash uchun o‘ziga huquqiy asos berishni so‘rab parlamentga murojaat qildi. Britaniya huquq idoralari Suriya va Iroqqa borgan o‘z fuqarolarini mamlakatga qaytishi bilan hibsga olinish¸ uy qamog‘ida saqlanish¸ politsiya tomonidan muntazam kuzatuvda bo‘lish ehtimolidan ham ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG