Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:05

Putin 2018 yilgi saylovda nomzodini qo‘yish ehtimolidan gap ochdi


TASS agentligiga intervyu bergan Vladimir Putin Rossiyani umrbod boshqarish qarori "mamlakat uchun noto‘g‘ri, zararli" qaror bo‘lishini ta‘kidladi va bunday niyati yo‘qligini ma‘lum qildi. Ayni paytda u Konstitutsiya bo‘yicha 2018 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yishga haqli ekanini ham eslatarkan, buni rejalayaptimi-yo‘qmi - bu haqda aniq gap aytmadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi TASS agentligining "Birinchi shaxslar" nomli maxsus rukniga uzundan-uzoq intervyu berdi va prezidentligi, mamlakat iqtisodi, G‘arb bilan munosabatlarga oid qator savollarga javob berdi.

Suhbat boshidagi: "Sog‘ligingiz qalay, Vladimir Vladimirovich?" degan savolga: "Umid ham qilmang..." deya hazilnamo javob qaytargan Putin G‘arb matbuotida Rossiya va uning prezidenti sog‘ligi haqida berilayotgan xabarlarni asossiz, deb ta‘kidladi.

"Men muntazam ravishda sport bilan shug‘ullaman" deya gap boshlagan prezident sog‘ligi va kayfiyati juda yaxshi ekani, mamlakatga hali uzoq rahbarlik qilishga qodirligiga ishorat berdi.

So‘nggi paytlarda mas‘uliyati to‘lig‘icha prezident Putinga yuklanayotgan Ukraina bo‘hroniga oid mavzuda muxbir: "Federal televideniyedagi yangiliklar va tok-shoularni kuzatadigan bo‘lsak, go‘yoki, siz va biz Ukrainada yashayotgandekmiz..." deb gap boshlagan edi, javobni ilib ketgan prezident:

"Aslida hamma narsa birinchi shaxs qaroriga bog‘liqdek tuyuladi, xolos. Ha, unga bog‘liq bo‘lgan fundamental masalalar bor. Lekin, (qaror berishda) turli fikrlar ziddiyati muntazam bo‘ladi. Dmitriy Anatolyevich bilan uchrashib, yagona pozitsiyani ishlab chiqamiz. Bundan tashqari, Markaziy bank, prezident ma‘muriyati, parlament bor..." dedi Vladimir Putin.

Rossiyaning Ukraina sharqidagi siyosati, xususan, Ukraina harbiylariga Rossiya harbiylarining qarshi qo‘yilayotganiga oid tanqidlarga javoban uzundan-uzoq javob bergan Putin:

"U yerda Rossiya manfaatlari borligi tushunarli, ammo bu manfaatlarni himoya qilishimizga qarshilik qilishmoqda. Bundan tashqari, o‘sha hududda yashayotgan odamlarni himoya qilishimizga ham... Vaholanki, bu hududdagi aholining asosiy qismi o‘zini ulkan rus dunyosining bir bo‘lagi, deb biladi... Tushunish kerak: dunyo shunday qurilgan. Bu geopolitik manfaatlar uchun kurashdir. Hatto, bu masalada bizning pozitsiyamiz AQShdagi amerikalik do‘stlarimizniki kabi agressiv emas", deb kinoya qildi Vladimir Putin.

"Qrimni anneksiya qilish qarorini xato, deb hisoblamaysizmi? Oqibati yaxshi bo‘lmasa-chi?" mazmunidagi savollarga javob Putin qat‘iy qilib: "Yo‘q, bu xato emas, bu - strategik qaror edi. Oqibati yaxshi bo‘ladi, chunki biz haqmiz", deb javob berdi.

Iqtisodiy ahvol - rublning qadrsizlanishi, neft narxining tushishi hamda buning ortida G‘arb hukumatlarining Rossiyani cho‘ktirish uchun qurgan "fitnasi" turgani haqidagi taxminlarga javoban Rossiya prezidenti shunday javob berdi:

"Mana misol uchun, neft narxi tushdi. Nima sababdan? Chunki, taklif oshdi... "Islomiy davlat" qora bozorda sotayotgan barreli 30 dollarlik noqonuniy neft paydo bo‘ldi. Saudiya Arabistoni qazib olishni ko‘paytirdi... Buning ortida dunyo energetik bozoridagi hamkorlarimizning avvaldan ma‘lum maqsadga yo‘nalgan harakati ham bor, ham deylik. Lekin, natija qanday? Bu milliy valyutamiz qadrsizlanishiga sabab bo‘layapti, to‘g‘ri... Lekin, byudjet hisob-kitoblarini biz dollarda yuritmaymiz-ku. Avval biz bir dollar turgan tovarni sotib, 32 rubl olardik. Endi esa 45 rubl olayapmiz. Byudjet kirimi ham oshdiku. Ya‘ni, bu vaziyat ahvolni og‘irlashtiradi, ammo faqat bizning emas, hamkorlarimizning ham ahvolini og‘irlashtiradi", dedi Vladimir Putin.

G‘arb davlatlari bilan munosabatlarning yomonlashayotgani haqidagi savollarga javoban prezident orada yana "temir parda" paydo bo‘lishini istamasligini aytdi.

Ayniqsa, Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tgan Katta yigirmalik sammitidagi vaziyat - Putin bilan Obamaning "oyoqda turib" suhbatlashishi darajasida Rossiya-AQSh munosabatlari sovuqlashgani haqidagi savolga javoban Putin:

"Men ambitsiyalarimni qondirish uchun prezident bo‘lmadim. Agar Rossiya manfaatlarini mensimasalar, menga shaxsiy ambitsiyamni qondirishdan foyda yo‘q. Bu holda biz mehmonga emas, ish muhitida uchrashish uchun boramiz. Buning nima noqulayligi bor? Menga natija muhim... Biz AQSh prezidenti bilan tanishmiz, tabiiy munosabatlarimizni juda yaqin deb aytolmayman, ammo u aqlli odam va bu vaziyatni to‘g‘ri baholashga qodir", dedi Putin.

Prezidentlik kursisida yana qancha qolish niyati borligi haqida so‘ralganida Putin "kayfiyatidan" kelib chiqib qaror berajagini ta‘kidladi:

"Konstitutsiya tomonidan belgilangan muddat bor... Garchi unda (2018 yilda nomzodni ilgari surish) imkoniyat ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu men shunday qaror qabul qilaman, degani emas. Men umumiy vaziyat va shaxsiy kayfiyatimdan kelib chiqib qaror beraman. Lekin bungacha hali ancha suv oqib o‘tishi kerak", dedi Putin.

Shuningdek, u oilaviy hayotiga oid ba‘zi savollarga ham javob berdi va jumladan, G‘arbda yashashi aytilgan ikki qizining Rossiyada ekani, ular bilan oyda ikki marotaba o‘z uyida ko‘rishib turishini ham aytib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG