Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:19

O‘n million abonent bilan haydalgan MTS 2,5 million bilan ish boshlashi mumkin


O‘zbekistonga qaytayotgan MTS mamlakat bo‘ylab shahar va viloyatlarga biriktirilgan abonent raqamlari rejasini tuzib chiqdi. Rejaga ko‘ra, dastlab butun O‘zbekiston bo‘ylab ikki yarim millionta abonent raqami sotilishi nazarda tutilgan.

"UMS" brendi ostida O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tiklagan Rossiyaning MTS shirkati mamlakat mobil bozoriga qaytishga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda.

Ozodlik 16 sentabr kuni "Universal Mobile Systems" mobil operatoriga ajratilgan abonent raqamlariga doir hujjatni qo‘lga kiritdi. Bu hujjatning nomi "Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlash rejasidan "Universal Mobile Systems" mas‘uliyati cheklangan jamiyatiga biriktirilgan raqam sig‘imlari" deb nomlanadi.

Bu hujjatga ko‘ra, "Universal Mobile Systems" MChJga Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyat va shaharlari uchun hammasi bo‘lib ikki yarim million abonent raqami ajratilgani aytiladi.

Ikki yarim million abonent raqamining yarmidan ko‘pi, ya‘ni bir yarim milliontasi Toshkent shahri uchun ajratilgan, qolganlari esa shahar va viloyatlarga bo‘lib tashlangan.

Jumladan, Samarqand viloyatiga 200 mingta, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlariga 120 mingtadan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlariga 60 mingtadan, Toshkent, Buxoro, Sirdaryo, Navoiy viloyatlariga 40 mingtadan, Qoraqalpog‘iston respublikasi va Jizzax viloyatiga esa 30 mingtadan abonent raqami ajratilishi rejalangan.

Hujjatda aytilishicha, mahalliy, shaharlararo va xalqaro kirish qo‘ng‘iroqlari “597”(“97”) tarmoqqa ulanish kodi orqali amalga oshiriladi, hududlarda 9 raqamli raqamlash tizimiga o‘tkunga qadar mahalliy telefon tarmog‘idan to‘g‘ridan to‘g‘ri yettita raqamni terish orqali kirishga ruxsat etiladi.

Ozodlik bu hujjatning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini tasdiqlata olmadi.

O‘zbekistondan haydalishidan oldin qariyb 10 millionta abonentga ega bo‘lgan MTS uchun respublika telekommunikatsiya tarmog‘idan ikki yarim millionta abonent raqami ajratilishi mobil operatori avvalgi qamrovining to‘rtdan birini tashkil etadi.

Ikki yarim millionta abonent "Universal Mobile Systems"ning boshlang‘ich rejasimi yoki bu bilan O‘zbekiston hukumati MTSning faoliyatini cheklab qo‘yyaptimi, degan savol bilan Ozodlik MTSning Moskvadagi bosh idorasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

MTSning matbuot xizmati boshlig‘i Dmitriy Solodovnikov bu borada hech qanday izoh bera olmasligini aytdi:

- Biz bu masalaga hozircha izoh bermaslikka qaror qildik,- dedi Dmitriy Solodovnikov.

"Universal Mobile Systems" MChJning ish boshlashi haqida avval xabar qilingandi. Biroq, bu tashkilotning telefon raqamlari hozircha O‘zbekistondagi ma‘lumot beradigan byurolar ro‘yxatiga kiritilmagan.

O‘zbekistondagi boshqa mobil kompaniyaning ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisining aytishicha, ikki yildan ortiq ishlamay turgan MTSning bundan so‘ng ham sifatli ishlab ketishi uchun aval ikki yarim millionlik abonentga xizmat ko‘rsatish rejalanishi tabiiy hol:

"Birdaniga besh yoki o‘n million abonentga xizmat ko‘rsatish bilan ish boshlash qiyin. Bunda sifat yo‘qolishi va kompaniya obro‘siga putur yetishi mumkin. Shuning uchun ham MTS avval ikki yarim milliondan ish boshlamoqchi", dedi mutaxassis.

MTS bundan avval mijozlarga xizmat ko‘rsatishni qayta yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ishlari 1 dekabrgacha yakunlanishini bildirgan edi. Ozodlik bilan suhbatda MTS shirkati matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskaya yangi tuzilayotgan "Universal Mobile Systems" yoki qisqacha "UMS" qo‘shma korxonasini O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 25 sentyabrgacha yakunlanishini ma‘lum qilgan edi.

Ikki taraflama bitimga muvofiq, MTSning sobiq sho‘‘basi “O‘zdunrobita”ga tegishli bo‘lgan mol-mulk, asbob-uskuna va infratuzilmalarni yangi qo‘shma korxona balansiga o‘tkazish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Rossiyadagi eng yirik telekom shirkati “Mobilnie TeleSistemi” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2014 yilning 31 iyul kuni imzolangan Murosa bitimiga ko‘ra tuzilajak qo‘shma korxonaning 50,01 foiz ulushi MTSga, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya davlat qo‘mitasiga qarashli bo‘ladi.

Murosa bitimiga binoan, ikki tomon o‘zaro da‘volardan voz kechishi ham ko‘zda tutilgan.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita"ni katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblagan edi.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekiston bozoridagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan MTS 10 millionga yaqin mijozini boy berdi.

MTS O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgani bois 1 milliard AQSh dollaridan oshiq zarar ko‘rdi va sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga bu yuzadan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston hukumati MTSga doir mulk va uskunalarni bir necha marta kimoshdi savdosiga qo‘ydi, lekin unga xaridor topa olmadi.

XS
SM
MD
LG