Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:15

Jizzaxda kamida 6 chaqaloqni sotgan tibbiyot xodimi qamaldi


Jizzaxda viloyatida kamida 12 shifokor qamoqqa hukm qilindi. Viloyat va Paxtakor tumani tug‘ruqxonalarida ishlagan vrach va hamshiralar chaqloqlarni sotganlikda aybdor, deb topilgan. Ozodlik manbalari hukm o‘tgan oyda chiqqanini aytmoqda. Rasmiylar bu xususda tafsilotlarni ochiqlamayotir. Lekin Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingan tibbiyot xodimlari bir necha yil davomida kamida olti nafar chaqaloqni sotganlikda aybdor, deb topilgan.

Jizzaxdagi Ozodlik manbalarining aytishicha, shifokorlar ustidan sud hukmi o‘tgan oyda chiqqan. Jizzaxdan WhatsApp orqali kelgan xabarda viloyat tug‘ruqxonasida ishlagan 12 shifokor, jumladan vrach va hamshiralar “chaqaloq sotganlikda aybdor, deb topilgan va ko‘p yillik qamoq jazosiga tortildi”, deyiladi.

Lekin O‘zbekiston huquq tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasining aytishicha, bu ish bilan sudga tortilgan shifokorlar soni bundan ko‘proq bo‘lgan. Manbamiz, sudlanganlarga aynan necha yildan qamoq berilganini aniqlashtira olmasligini bildirdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, mazkur ish bo‘iycha nafaqat Jizzax viloyati tug‘ruqxonasi xodimlari, balki viloyatning Paxtakor tumani tug‘ruqxonasida ishlagan vrach ham tortilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, sudlanuvchilar ustidan jinoyat ishi o‘tgan yilning oktyabrida ochilgan. O‘shanda, avval viloyat tug‘ruqxonasining hamshirasi ota-onasi tomonidan rad qilingan chaqaloqni 1 million so‘m evaziga yosh oilaga berib yuborganlik gumoni bilan hibsga olingan.

Tergov davomida, hamshira aybini bo‘yniga olgan va bu ishda boshqa tibbiyot xodimlari ham ishtirok etgani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Shundan keyin hibsga olingan vrach va hamshiralarning aksariga O‘zbekiston jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam svdosi) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Tasdiqlamagan xabarlarga ko‘ra, tergovchilar shifokorlarni chaqaloqlar organlarini transplantatsiya uchun sotganlikda ham gumon qilgan. Lekin mazkur ayblov sud tergovi davomida tasdig‘ini topganmi, yo‘qmi noaniq qolmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, sudlanuvchilar bir necha yil davomida kamida olti chaqaloqni sotganlikda aybdor, deb topilgan.

O‘zbekistonda shifokorlar chaqaloq sotganlika ayblanib, qamalishi avval ham kuzatilgan. O‘tgan yilning fevralida Samarqand viloyatida ham chaqaloq sotganlikda ayblangan ikki shifokor besh yildanga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Bu shifokorlar ota-onasi rad qilgan chaqaloqlarni 1.500 AQSh dollariga sotishga urinayotgan paytda qo‘lga olingani xabar qilingan edi.

2011 yilda Toshkentdagi tug‘ruqxonalarda ishlagan shifokor va hamshiralardan iborat 12 kishilik jinoiy guruh sudlangan va ulardan 6 nafari uzoq muddatlarga qamoqqa hukm qilingan edi.

Bu jinoiy guruhning 70ta go‘dakni sotgani va bolalardan 4 nafari xorijga sotilgani isbotlangani rasman xabar qilingan edi. Bu jinoiy guruh ham chaqaloqlarni 3.000 AQSh dollarigacha narxda pullagani aniqlangan edi.

O‘tgan hafta esa, “Adolat ko‘zgusi” gazetasi Sirdaryoda fohishalik bilan shug‘ullangan ayollar, tanafurushlik faoliyati davomida orttirgan ikki chaqalog‘ini sotganlikda ayblanib, 4,5 yildanga qamoqqa hukm qilinganini xabar qildi.
XS
SM
MD
LG