Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:07

O‘zbekistonda “Darakchi” va “Sug‘diyona” gazetalari yopildi


Chorshanba, 11 dekabr kuni O‘zbekistondagi ko‘ngilochar "Darakchi" va “Sug‘diyona” gazetalari faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda “Darakchi matbuot uyi” shirkatidagi Ozodlik manbasi mana bunday dedi:

- “Darakchi” gazetasining 51- va 52- sonlari bugun chop qilinishi kerak edi, ammo chop qilinmadi. “Sug‘diyona” gazetasi ham chop qilinmadi. Xozir bizning faoliyatimiz vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan”, dedi “Darakchi matbuot uyi”dagi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi bosmaxonalarga “Darakchi” va “Sug‘diyona” gazetalarini chop qilmaslik haqida maxsus ko‘rsatma berilgan.

Manbaning aytishicha¸ “Darakchi matbuot uyi”ga oid nashrlarning to‘xtatib qo‘yilishi oqibatida 500 kishi ishsiz qoladi.

Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan ammo ovozi efirga uzatilishini istamagan “Darakchi” gazetasidagi jurnalist ayolga ko‘ra¸ gazeta xodimlari o‘z hisobidan ta‘tilga chiqarilgan.

Gazeta bilan hamkorlik qiladigan jurnalistning Ozodlikka aytishicha, “Darakchi matbuot uyi”ga noshirlik faoliyati uchun berilgan litsenziya seshanba kuni noma‘lum muddatga to‘xtatib qo‘yilgan.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidagi Ozodlik manbasi ham “Darakchi” va “Sug‘diyona” gazetalariga berilgan litsenziya “Darakchi matbuot uyi” ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida vaqtincha to‘xtatib qo‘yilganini tasdiqladi.

Ozodlikning Samarqanddagi manbalariga ko‘ra¸ “Darakchi” chop qilinadigan Samarqanddagi bosmaxonada 15 noyabrdan beri prokuratura va soliq idoralarining maxsus taftish guruhi jiddiy tekshirish olib bormoqda.

Yarim milliondan ortiq nusxadagi ko‘ngilochar nashrlarni chop qiluvchi “Darakchi matbuot uyi”ga oid Samarqand, Guliston, Marg‘ilon va Toshkent shaharlaridagi bosmaxonalari ham jiddiy tekshiruv ostida qolayotgani haqida Ozodlikda ma‘lumotlar bor.

Gazetaning chorshanba kuni chiqishi kutilgan soniga reklama bergan va o‘zini Aziza deb atagan tadbirkor pulini qaytarib olish uchun “Darakchi matbuot uyi” reklama bo‘limiga murojaat qilganida rad javobi olganini aytadi:

- Gazeta yopildi¸ pulingizni qaytarib bera olmaymiz. “Darakchi matbuot uyi”da keng ko‘lamli tekshiruv ketmoqda. Rahbarlardan idoraga oid barcha muhrlar olib qo‘yilgan deb aytdi. “Darakchi” va “Sug‘diyona”da reklama berish uchun katta miqdorda pul o‘tkazib qo‘ygan edim. Bu ikki nashr uchun umumiy bo‘lgan bank hisobi prokuratura talabi bilan muzlatib qo‘yilganini bildim¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda va o‘zini Aziza, deb atagan toshkentlik tadbirkor.

“Darakchi” gazetasining internetdagi sahifasi bo‘lgan darakchi.uz sayti 10 dekabrdan boshlab ishlamay turgani kuzatildi. O‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanov 10 dekabr kuni “Darakchi” gazetasi redaktsiyasiga borib, tahririyatda qattiq tekshirish ketayotgan bo‘lsa ham ba‘zi jurnalistlar ishlayotganini ko‘rgan edi.

Xodimlar gazeta yopilishidan bir kun oldin ham o‘z gazetalari yopilish-yopilmasligi haqida Tashanovga aniq bir gap ayta olishmagan edi.

“Darakchi” gazetasi taniqli tadbirkor Firdavs Abduholiqov tarafidan 1992 yilda tashkil qilingan bo‘lib¸ qisqa muddatda respublika yoshlari orasida ommalashib ketgan edi.

Vesti.uz gazetasining 11 dekabr sonida yozilishicha¸ 10 dekabrdan boshlab faoliyati to‘xtatilgan “Darakchi” gazetasining asoschisi Firdavs Abduholiqov tergov qilinmoqda.

Internetdagi Uznews.net nashri o‘z manbalariga tayanib Firdavs Abduholiqovning qamoqda ekanini yozdi. Fergana.ru nashri esa Firdavs Abduholiqov o‘z qarindoshlari bilan birgalikda bundan bir necha hafta oldin O‘zbekistonni tark qilgani borasidagi tahminni ilgari surdi.

Firdavs Abduholiqovga oid Samarqanddagi STV telekanali bundan bir oy oldin yopib qo‘yilgan edi. STV teleradiokompaniyasi Gulnora Karimovaga mansubligi aytiladigan bir qator telekanallar efirdan olinishi ortidan 31 oktyabrda yopib qo‘yilgan edi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, “Darakchi matbuot uyi” dagi taftishlar STV teleradiokompaniyasi doirasida o‘tkazilgan tekshiruvlarning bevosita davomi bo‘lib hisoblanadi.

Mamlakat media bozorida o‘ziga xos nufuz va o‘ringa ega bo‘lgan “Darakchi” ijodiy uyi” MChJ boshidagi “qora bulut”lar Gulnora Karimova hamda uning izdoshlari, xususan, mediamagnat Firdavs Abduholiqovga nisbatan olib borilayotgan siyosat mahsuli sifatida ko‘riladi

Firdavs Abduholiqov
Firdavs Abduholiqov
Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biri bo‘lgan.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib kelgan.

Bundan tashqari, keyingi yillarda u O‘zbekiston Prezidenti qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi FondForum tashkiloti tadbirlarida ham faol ishtirok etayotgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida qolayotgan edi.

Firdavs Abduholiqov Samarqand prokuraturasiga tergovga chaqirilgani aytilgan kundan boshlab matbuot bilan aloqa qilmagani kuzatildi. Uning ayni paytda qayerda ekani ham jamoatchilik uchun noma‘lumligicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG